Oxirgi daqiqa

O‘zbekistonning tashqi bozorlardagi imkoniyatlari kengaymoqda

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri bu dunyoning iqtisodiy rivojlangan davlatlari qatoriga kirishidir. Har bir davlat uchun ushbu jarayonning assosiy omillaridan biri esa albatta jahon bozori uchun sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishdan iborat.

Xo‘sh, bu yo‘nalishda mamlakatimizda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda?

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda milliy mahsulotolarimizni Yevropa Ittifoqi bozorlarida sotish imkoniyati yanada kengaymoqda. Aholisi 500 milliondan ortiq bo‘lgan YeI dunyodagi eng katta bozorlardan biri hisoblanadi. Jumladan, Yevropaning to‘qimachilik sanoatida bozor hajmi 98 milliard dollarni, charm-poyabzal sanoatida 24 milliard dollarni, qishloq xo‘jaligi sanoatida 24 milliard dollarni tashkil etadi.

Shu o‘rinda YeI bozoriga qulay shartlarda chiqish O‘zbekiston uchun har doim dolzarb bo‘lib kelgan. 2021 yilda bu borada katta qadam tashlandi. Ya’ni O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ umumiy preferensiyalar sxemasi bo‘yicha benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi.

Ma’lumki, preferensiyalar bosh tizimi (GSP +) bu rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan rivojlangan mamlakatlarga eksport qilinadigan tovarlarga imtiyozli bojxona tariflari tizimi. GSP + deyarli barcha sanoat va ayrim qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qamrab oladi.

GSP+ tizimi matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlar kabi bir qator muhim 6200 eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi bois, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdoni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etdi.

Jumladan, agar 2016 yilda Yevropa ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ko‘proqqa o‘sdi va 4,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, GSP+ oddiy savdo vositasidan ko‘ra muhimroq. GSP+ tizimiga qo‘shilayotganda mamlakatlar inson va mehnat huquqlariga, atrof-muhit va iqlim muhofazasi va sifatli boshqaruvga oid 27 asosiy xalqaro konvensiyalarini samarali amalga oshirish majburiyatini oladilar. GSP Reglamenti GSP+ oluvchilarining majburiyatlarini doimiy kuzatib borishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonning GSP+ benefitsiari sifatida qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat sohasidagi islohotlarni va izchil ijobiy rivojlanishni aks ettiradi. O‘zbekiston hukumati ishbilarmonlik muhiti, sud-huquq tizimi, mehnat sharoitlari, ma’muriy hisobdorlik va samaradorlikni oshirish borasida ko‘plab ulkan islohotlarni amalga oshiryapti.

GSP+ dan samarali foydalanish savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlarni hamda O‘zbekiston va Yevropa biznes vakillari o‘rtasidagi o‘zaro daromadli aloqalarni kengaytirish imkoniyatini yaratadi.

Eng asosiysi, bularning barchasi xalq farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Savdo aloqalarning chuqurlashishi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatning kengayishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA