Ushbu kredit liniyasining asosiy afzalligi xalqaro banklararo qarz bozorida moliyalashtirish xarajatlarining yuqori o‘zgaruvchanligi sharoitida, Xitoy yuanida uzoq muddatli moliyaviy resurslarini jozibador foiz stavkalarida kirish imkoniyatidir.
Xitoy Eksimbankining kredit liniyasi O‘zbekiston Respublikasida Xitoyning etakchi ishlab chiqaruvchilari va etkazib beruvchilari ishtirokida amalga oshiriladigan kichik va o‘rta biznesning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun sarflanadi. Ushbu loyihalar axborot texnologiyalari, telekommunikatsiyalar, muqobil energiya, elektrotexnika, to‘qimachilik, transport, sanoat ishlab chiqarish va shu kabi sohalariga tegishli bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2,8 milliard yuanni tashkil etadi.
Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi va 150 mln. AQSH dollari miqdorida qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.
Samarali hamkorlik yillari davomida O‘zmilliybank tomonidan Xitoy Eksimbankining 28 ta kredit liniyalari jalb qilingan bo‘lib, ular hisobidan 27 ta investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalari hamda 1,5 milliard AQSH dollari miqdoridagi 200 dan ortiq kichik va o‘rta biznes loyihalari moliyalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: Xitoyning Eksimbanki XXRning yirik moliya institutlaridan biri bo‘lib, 1994-yilda tashkil etilgan. Bankning aktivlari 855 milliard AQSH dollardan ortiq bo‘lib, kapitali - 59 milliard AQSH dollari va daromadi 1,2 mlrd. AQSH dollariga teng. Xitoy Eksimbankining asosiy vazifasi Xitoy eksportini moliyalashtirishdir.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati