Ushbu ko‘rgazmalar doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati va Kanadaning O‘zbekiston Respublikasidagi konsuli LeKler E hamda Kanada kompaniyalari prezidentlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.
Kanada delegatsiyasi tarkibidan “Condor Energies”, “5Blue Processing”, “Crusader Joint Ventures”, “Master Flo Valve”, “Stream Flo”, “JORI International”, “Central Asia”, “Thermo Design Engineering Ltd.,” kompaniyalari, "GHGSat", Janubiy Alberta Texnologiya Instituti vakillari o‘rin olgan.
Uchrashuvda "Condor Energies Inc." kompaniyasi bilan Gazli hududida tabiiy gaz qazib olish va zahiralarni oshirish borasida amalga oshirilayotgan hamkorlikning bugungi jarayonlari ham muhokama qilindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Kanada kompaniyalari tomonidan ta’lim hamda neft va gaz sohasi bo‘yicha malaka oshirish yo‘nalishidagi hamkorlikka katta qiziqish bildirdi.
Delegatlar tarkibidan joy olgan Janubiy Alberta Texnologiya Instituti (SAIT) neft va gaz tashkilotlariga ta’lim xizmatlarini taklif qiluvchi dunyodagi yetakchi professional ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugungi kunda SAIT tomonidan 48 ta mamlakatda yetakchilik seminarlari, mutaxassislar va sohalarga xizmat ko‘rsatish uchun kasbiy tayyorgarlik, ob’ektlarni loyihalash va o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlari orqali professional ta’lim va maslahat berib kelinmoqda.
Unda atrof-muhitni muhofaza qilish, neft va gaz sohasiga oid uskunalarni yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati xorijiy kompaniyalar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar uchun minnatdorlik bildirdi, bu kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunlarida barcha sohalardagi hamkorlik istiqbollarini o‘rganish va barcha qo‘shma loyihalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, Kanada dunyoda neft eksporti bo‘yicha yirik davlatlardan hisoblanadi. Uning kunlik neft eksporti hajmi 3,289 million barrelni tashkil qiladi. Ushbu mamlakat hozirgi kunda neft qazib olish bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda turadi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA