Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Koreya ijodkorlarining adabiy muloqoti

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mamlakatimiz ijod ahlining Koreya Respublikasi yozuvchi va shoirlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Koreyalik ijodkorlar poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga tashrif buyurib, Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Tashrif avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Adiblar xiyoboni, milliy adabiyotimiz darg‘alarining haykallari, ustoz adiblarning hayoti va faoliyati xususida chet ellik mehmonlarga batafsil ma’lumot berildi.

Yozuvchilar uyushmasi binosida kitoblar hamda taniqli fotoijodkor Ahmadjon Ergashev suratlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.

Ijodiy muloqot davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar yangilanayotgan O‘zbekistonda adabiyot, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani, turli millat va elat vakillarining erkin, samarali ijod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

– Bunday ijodiy uchrashuvlar adabiy aloqalarni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi Sirojiddin Sayyid. – Prezidentimizning “Adabiyot – xalqning yuragi” degan so‘zlarini bugun ijod ahli o‘z faoliyatimiz uchun shior qilib olganmiz. Yevropa davlatlari, AQSH, turkiy davlatlarda ham uyushmaning faxriy a’zolari bor. Bu uchrashuvimiz O‘qituvchi va murabbiylar kuniga hamohang o‘tkazilayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, yozuvchi va shoirlar ham ustoz-muallimlardir. Ular ham o‘z asarlari bilan yosh avlodni ma’rifat sari yetaklashda o‘qituvchilar bilan yelkama-yelka ish olib bormoqdalar. Aytish kerakki, uyushmamiz a’zolari turli millat vakillaridan iborat bo‘lib, ular orasida koreys millati vakillari ham borligi e’tiborga molikdir.

Hamkorlik uchrashuvida o‘zbek va koreys madaniyatini tarannum etuvchi badiiy musiqiy chiqishlar namoyish etildi.

– Men O‘zbekiston haqida bir nechta kitoblar yozdim, – dedi koreyalik yozuvchi va jurnalist Cho Chyol Xyon. – Bu kitoblar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, uning tashabbusi asosida mamlakatingizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, bu zaminda istiqomat qilayotgan koreys diasporasi, mamlakatning o‘ziga xos milliy qiyofasi, taraqqiyot odimlariga bag‘ishlanadi. Bunday adabiy aloqalar yozuvchi va shoirlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning tobora kengayishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Adabiy anjumanda xorijiy mehmonlar tomonidan e’tirof etilganidek, 1937-yilda O‘zbekistonga ko‘chirib kelingan koreyslar tabarruk zaminimizda boshpana, rizq-nasiba, ikkinchi Vatanga ega bo‘ldilar. Eng og‘ir va sinovli yillarda o‘zbek xalqi ular bilan so‘nggi burda nonini baham ko‘rdi, eng asosiysi mehr va yaxshilik ko‘rsatdi. Bugun mamlakatimizda ijod qilayotan ziyolilar safida koreys millatiga mansub ijodkorlar ham bisyor.

– O‘zbek xalqi bilan farqli jihatlardan ko‘ra, o‘xshash tomonlarimiz juda ko‘p, – dedi o‘zbekistonlik yozuvchi va jurnalist Vladimir Kim. – Bu o‘xshashlik kattalarga hurmat, mehnatsevarlik, an’ana va qadriyatlarga sodiqlikda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bizdan mehrini darig‘ tutmagan O‘zbekiston fuqarosi, shu yurtning farzandi ekanimdan juda faxrlanaman.

Adabiy muloqot davomida o‘zbek va koreys shoirlarining ijodidan namunalar ikki xalqning ona tillarida yangradi. O‘zbekistonlik san’atkorlar ijrosida ikki xalqning qo‘shiqlari aytilgani tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘proq zavq, hayrat bag‘ishladi.

E’tiborga molik jihati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida koreyalik jurnalist va yozuvchilar, shoirlar bilan uchrashuvlar doimiy o‘tkaziladi. Koreya Respublikasining Kvanju shahrida o‘tkazilgan yozuvchilarning IX xalqaro kongressida o‘zbekistonlik adiblar ishtirok etdi. Koreya Respublikasidagi Markaziy Osiyo markazi tomonidan o‘zbek yozuvchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Mening bulut do‘stlarim” kitobi bir yo‘la o‘zbek, koreys, ingliz, rus tillarida chop etildi. Bularning bari adabiy aloqalarimiz tobora kengayib, mustahkamlanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Anjuman doirasida ikki xalq yozuvchilari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari belgilandi.

Mehmonlar poytaxtimizdagi yangilanish jarayonlari bilan tanishib, diqqatga sazovor maskanlar, tarixiy obidalarga sayohat qildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri