Bugun, 2-oktyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari boshlanadi.
67 ta mamlakatning 531 nafar mahoratli yoshlari ishtirok etadigan dunyo birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining 18 nafar a’zosi o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishga hozirlanmoqda.
Chempionatda 290 nafar o‘g‘il va 241 nafar dzyudochi qizlar ishtirok etadi.
Kecha 1-oktyabr kuni jahon chempionati oldidan barcha vazn toifalari uchun qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz dzyudochilarining ilk bellashuvlardagi raqiblari ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, kecha jahon chempionatining ilk kungi bellashuvlarida tatamiga chiqadigan dzyudochilar nazoratdan o‘tdi. Aytish lozim, Xalqaro dzyudo federatsiyasi nazoratchilari orasida hamyurtimiz Artyom Bagdasarov ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yakkalik va jamoaviy tarzda o‘tkaziladigan jahon chempionati bellashuvlari 6-oktyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA