Ma’lumki, 28 oktyabr zamonaviy Gretsiya tarixida muhim sana hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi payti aynan shu kuni butun yunon xalqi Italiya istilosiga “Yo‘q!” deya javob bergan va shu tariqa ushbu sana yunoncha “OHI”, ya’ni “Yo‘q” kuni sifatida keng nishonlanadi.
Toshkent shahri yunon madaniyati jamiyatida bo‘lib o‘tgan OHI kuniga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakillari, Gretsiya madaniy jamiyati rahbarlari va faollari, boshqa milliy madaniyat markazlardan mehmonlar ishtirok etdi.
Marosim avvalida O‘zbekiston va Gretsiya davlat madhiyalari yangradi. Toshkent shahri yunon madaniyati jamiyati raisi Konstantinos Politis minglab greklar majburiy muhojirlikni tanlagan Ikkinchi jahon urushi davrida qochqinlarga ko‘rsatgan yordami uchun O‘zbekiston xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekistonda yashagan yillarda yunon diasporasi vakillari o‘zlarining ikkinchi vatani madaniy va iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi. Yunonlar mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etmoqda.
“OHI” kuniga oid qiziq bir hikoya bor. Ikkinchi jahon urushi yillarida Gitler fashistlar Germaniyasining Mussolini boshchiligidagi ittifoqchisi Italiyaga ishonib topshirilgan Bolqon mamlakatlariga hujumga tayyorlanadi. 1940 yil 27 oktyabrdan 28 oktyabrga o‘tar kechasi Italiyaning Gretsiyadagi elchisi mamlakat Bosh vaziri Ioannis Metaxas kabinetida paydo bo‘ladi va unga telegramma topshiradi. Mussolini maktubda Gretsiya Italiya hukumati qo‘mondonligi ostiga olinishini bildirgan, shuningdek Bolqonga ketayotgan qo‘shinlar mamlakat hududidan o‘tishiga ruxsat berish talab qilingandi.
Yunonlarning javobi esa qat’iy: “OHI!”, ya’ni (YO‘Q!).
Elchixonaning bu ultimatumini Gretsiya hukumati Italiya tomonidan urush e’lon qilinishi sifatida baholanadi.
Shu tariqa 28 oktyabrda Gretsiya Bolqon qo‘shnilarini qahramonona soya qilib, Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi va bu kun mamlakat tarixiga abadiy “OHI kuni” sifatida kiradi.
Yunon xalqi besh oydan ko‘proq vaqt davomida harbiy kuchi ko‘p marta ustun bo‘lgan fashistlar Italiyasi hujumini ushlab turdi. Dushmanni to‘xtatibgina qolmay, balki Adriatik dengizi tomonga qaytarishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu sana munosabati bilan bo‘lib o‘tgan bayram doirasida yig‘ilganlarga katta konsert taqdim etildi. Dasturda yunon xalqining ozodlik uchun kurashi mavzusiga bag‘ishlangan qo‘shiqlar, she’rlar yangradi. Balet nomerlari, yunon xalq raqslari namoyish etildi.
G.Sattorova,
Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA