Oxirgi daqiqa

Turkiyalik kitobxonlar uchun Oybek haqida manba – “Qutlug‘ qon” romani turk tilida

Masalan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy va boshqa ko‘plab buyuk adiblarimiz asarlarining tarjimalari dunyo o‘quvchilari auditoriyasiga taqdim etilmoqda.

O‘zbek adabiyotiga xalqaro e’tiborni Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek ijodiga bo‘lgan qiziqish va uning “Qutlug‘ qon” romani misolida ham aytishimiz mumkin.

Yaqinda mazkur asar Turkiyada Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasining “Bengü” nashriyoti tomonidan turk tilida chop etildi. Asarni Turkiya Respublikasida yashab ilmiy izlanish olib borayotgan hamyurtimiz, taniqli tilshunos va tarjimashunos Zamira Hamidova (O‘zturk) turk tiliga o‘girgan.

Aytish mumkinki, ushbu tarjima adabiy, madaniy-gumanitar sohalarda xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotganining yana bir ifodasidir.

“Qutlug‘ qon” romani shu kunga qadar arab, fors va MDH davlatlari tillariga tarjima qilingan. Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasi rahbari, professor Yoqub Umar o‘g‘li boshchiligida joriy yil Anqarada nashr etilgan mazkur tarjima 430 betdan iborat bo‘lib, uning yuzaga kelishida ko‘plab mutasaddilarning xizmati katta.

Asarni nashr etish jarayonlariga malakali mutaxassislar, muharrir va dizaynerlar guruhi jalb etildi. Kitobga Turkiyaning taniqli jurnalisti, ayni paytda Turkiya atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik va iqlim vaziri matbuot kotibi Laylo Gunesh xonim mas’ul muharrirlik qildi.

Kitobni tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Naim Karimov ilmiy va adabiy maslahatchi vazifasini bajardi. Uning tarjimaga yozgan so‘zboshisi ushbu nashr ahamiyatini yanada oshirgan. “Oybek va uning “Qutlug‘ qon” asari haqida” nomli so‘zboshida N.Karimov adib hayoti va ijodi, uning asarlari, ayniqsa, “Qutlug‘ qon” romanining yozilish tarixi bilan bog‘liq turli qiziqarli voqealar haqida turk kitobxonlariga qimmatli ma’lumotlar ulashgan.

N.Karimovning yozishicha, Oybek 1963 yilda nashr qilingan “She’rlar” to‘plami uchun yozgan “Avtobiografiya”sida ushbu romanning dunyoga kelish tarixiga oid quyidagicha ma’lumot bergan:

"1937 yilda “Qutlug‘ qon” romanini yoza boshladim. Bu romanni yozish uchun material yig‘ib o‘tirmadim, bolaligimdan hayotni kuzatishni sevganligimdanmi, ko‘ngildan, xotiramdan “Qutlug‘ qon” romani quyilib kelaverdi. Romanni qisqa fursatda yozib tugatdim”.

“El xizmatida“ (1965) sarlavhali maqolasida esa Oybek asarning yaratilish tarixi to‘g‘risida kengroq bayon qilib, shunday yozgan: “...Unda (romanda – N.K.) o‘zbek xalqining revolyutsiyadan oldingi hayoti, xalqning o‘z huquqlari uchun kurashga intilishi va bu kurashning mashhur 1916 yil qo‘zg‘oloniga qo‘shilib, kuchayib borayotganligi to‘g‘risida hikoya qilmoqchi edim. Garchi men roman voqealari yuz bergan davrda hali bola bo‘lsam ham, endi men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganligimni aytish uchun yetarli hayot tajribasiga egaman, deb ayta olardim. Bolalik chog‘larimda men xalq turmushini ko‘rdim, kambag‘allar va avom xalqning qorong‘i va dim uy-joylarini, boylarning atrofi baland-baland devorlar bilan o‘ralgan hashamatli imoratlarini, muzdek hovuzi bo‘lgan bog‘larini ko‘rdim. Yoshligimda boy bog‘ini ko‘rish uchun bir necha marta daraxtlarga chiqqanman. Men boshqalarning turmushini chanqoqlik bilan kuzatdim va keyinchalik romanimda tasvir etilgan ijtimoiy munosabatlarning ko‘pgina tomonlarini o‘sha vaqtdayoq tushungan edim... 1938 yilda yozib tugallangan “Qutlug‘ qon” romanim shunday tug‘ildi”.

Ta’kidlanganidek, Oybek umrining ilm mahzanini yig‘ish fasli ikki tarixiy davr to‘qnashgan yillarga to‘g‘ri keldi. U hayotining ilk davrida, oz fursat bo‘lsa-da, madrasada o‘qib, arab va fors tillari bilan oshno bo‘ldi, inqilobiy bo‘ronlar bilan boshlangan yangi davrda esa e’tiborini ko‘proq shu davrning muhim ijtimoiy masalalariga qaratdi. Adib qattol tizim davrida yashasa-da, sermahsul ijod qildi. Uning nasriy merosi “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” va “Ulug‘ yo‘l” kabi besh roman, “Shonli yo‘l”, “Hyp qidirib”, “Bolalik xotiralarim” va “Bola Alisher” nomli to‘rtta qissa hamda bir qancha hikoya va ocherklardan iborat tarzda shakllangan.

Ta’kidlash joiz, uning roman janridagi dastlabki tajribasi – “Qutlug‘ qon” yozuvchi hayotining eng tahlikali kezlarida, ya’ni 1938 yilda, qisqa muddatda yozilgan va 1940 yilda nashr etilgan. Adibning bolalik xotiralari bilan to‘yingan bu asarida o‘zbek xalqining birinchi jahon urushi arafasidagi mashaqqatli hayoti qalamga olingan. Bu davrda bir tomondan mustamlakachilik siyosati, ikkinchi tomondan o‘lkaga kirib kela boshlagan kapitalistik munosabatlar tufayli mehnatkashlar ommasi g‘oyat qashshoqlashgan edi. Shunday vaqtda sabr kosasi to‘lgan xalqning norozilik namoyishi bilan chiqishi yoki qo‘zg‘olon ko‘tarishi tabiiy edi. Chor hokimiyatining O‘rta Osiyo aholisini mardikorlikka olish to‘g‘risidagi farmoni (1916 yil) qo‘zg‘olonining gurullab yonishi uchun bir turtki bo‘ldi. Oybek romanda Yo‘lchi boshliq mehnatkashlar, Mirzakarimboy boshliq boylarning o‘zaro munosabatlarini tasvirlash orqali mazkur qo‘zg‘olonning kelib chiqish sabablarini badiiy tahlil etdi. Jamiyatning shu davrdagi qutblashgan holatini ta’kidlab ko‘rsatish maqsadida va sovet mafkurasining talabi bilan boylar obrazini, ayniqsa, Mirzakarimboy obrazini yaratishda qora bo‘yoqlardan ko‘proq foydalandi.

“Qutlug‘ qon”ning turkcha tarjimasida Abdulla Qodiriy va Cho‘lponning shogirdlari – Oybek va G‘afur G‘ulom avlodidan keyin o‘zbek adabiyotiga yana ikki adabiy avlod kirib kelgani, agar Turob To‘la shu birinchi avlodning vakili sifatida “Qutlug‘ qon”ning yaratilganini qanday quvonch va hayajon bilan kutib olganni aytiladi. Keyingi adabiy avlod vakillari ham “Qutlug‘ qon”ni ko‘zlariga surtib o‘qiganliklari, masalan, Turob To‘ladan keyingi avlodning iste’dodli vakili Odil Yoqubov Oybek romanini o‘n olti yoshida o‘qib, undan qanday ta’sirlanganini, shuningdek, adib bu asarni yozishga kirishgan vaqtda 1937 yil bo‘roni ko‘tarilgani, u xizmat qilayotgan Til va adabiyot institutidan, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan haydalgani, uch farzandlik oilani boqish tashvishi adibning rafiqasi Zarifaxonim Saidnosir qizining zimmasiga tushgani, buning ustiga, Oybek Abdulla Qodiriy bilan ham, Cho‘lpon bilan ham yaqin aloqada bo‘lgani, qaynotasi Saidnosir Mirjalilovning esa Solovki orollarida azob-uqubat chekib yotganiga doir qimmatli tarixiy ma’lumotlar keltiriladiki, bu o‘quvchini, albatta, befarq qoldirmaydi.

O‘zbek adabiyoti haqida

Ta’kidlash joiz, tarjimada Oybekning avtobiografik faoliyati va uning asarlariga doir qiziq ma’lumotlarni yana ko‘plab o‘qish mumkin. Kitobda adib hayoti va ijodiga doir alohida ma’lumotlarning berilganligi turkiyalik kitobxonlarga Oybek haqida yana ham to‘liq bilim va tasavvur beradi. Tarjimada Oybek hayoti va ijodi misolida XX asr o‘zbek adabiyoti haqida ham keng tushuncha berib o‘tiladi.

“Qutlug‘ qon”ning turk tiliga tarjima qilinishi bejiz emas. Oybek o‘tgan asrning 20 yillarida Toshkentdagi “Turon” kutubxonasi fondidagi turk shoirlarining majmualari va “Sarvati funun” jurnalida bosilgan asarlarini mutolaa qilish jarayonida sodda uslubi va yoniq tuyg‘ulari bilan an’anaviy o‘zbek she’riyatidan keskin farq qilgan turk she’riyatiga mehr qo‘ygan. U hatto Ziyo Ko‘kalp ta’sirida mashhur “O‘zbekiston” she’rini yozgan. Sovet mafkurachilari ta’biri bilan aytganda, panturkizm g‘oyalari bilan sug‘orilgan bu she’rning badiiy shakli Oybekka o‘zbek lirikasining go‘zal namunalaridan birini yaratish sevinchini bag‘ishlagan. Agar Ziyo Ko‘kalp o‘z she’rida turk tilini sharaflagan bo‘lsa, Oybek o‘z she’rida ona Vatani –O‘zbekistonni ko‘klarga ko‘targan.

O‘ylaymizki, o‘zbek adabiyotining Turkiyadagi tolmas tadqiqotchilaridan biri Zamira Hamidova tomonidan tarjima qilingan “Qutlug‘ qon” asari o‘zbek-turk adabiy aloqalari tarixida Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Lutfiy, Atoyi, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi allomalarimiz asarlarining turk tilidagi tarjimalaridan keyingi qimmatli nashr sifatida qadrlidir.

Bu tarjima olimaning O‘zbekiston va Turkiya, shuningdek, Yevroosiyo xalqlari tili va adabiyoti borasidagi adabiy aloqalar yo‘lidagi ko‘p yillik izlanishlari, tinimsiz mehnati samarasi, qolaversa, o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan ulkan ehtiromi ramzidir.

Ma’lumot uchun: aytib o‘tish joizki, Zamira Hamidova o‘zbek tili va adabiyotining xorijdagi jonkuyar tadqiqotchilaridan biri. U 1976 yil Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tavallud topgan, dastlab, Toshkent davlat pedagogika universitetida, so‘ngra, Turkiyaning Marmara universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. Uzoq yillik ilmiy izlanishlari natijasida 2020 yil Turkiyaning Hojattepa universitetida “O‘zbekistonda til siyosati: standartlashtirish va modernizatsiya” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Zamira Hamidova faoliyati davomida bir qancha nashrlar bilan birga "O‘zbekcha-turkcha izohli lug‘at", o‘zbek va turk adib-olimlarining o‘nlab asarlari tarjimalariga mualliflik qilgan. “Turkistonda til siyosati (O‘zbekiston misolida)” nomli monografiyasida u O‘zbekiston tarixining Rossiya imperiyasi, Sovet ittifoqi va mustaqillik yillaridagi til, imlo va savod masalalari, o‘tmish siyosatlarining bugungi kunga ta’siri masalalarini keng yoritgan. Olima 2014 yildan e’tiboran Turkiya Respublikasi Prezidenti administratsiyasining Kommunikatsiyalar boshqarmasida tarjimon, ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Tarjimon nazarida Oybek tili o‘ta jozibali. Uning so‘z boyligi, har bir so‘z ifodalagan ma’no va nozikliklari uning adabiy asariga yanada fayz va nafosat bag‘ishlaydi. To‘g‘risi ham shu. Adabiyot – so‘z san’ati demak. Uning har qanday ifodaviy imkoniyati so‘z bilan chegaralanadi. Z.Hamidova asar tarjimasida buni yaxshi anglaydi. Ayni damda so‘zning ifodaviy imkoniyati cheksiz ekanligini his etadi. Tarjima jarayonida oybekona til va uslub go‘zalligini imkon qadar saqlab qolishga intiladi. Bu asar tarjimasi qariyb o‘n yillik mehnatlar samarasidir. O‘ylaymizki, ushbu tarjima turk kitobxonlariga manzur bo‘lib, Oybek hayoti va ijodini o‘rganishdagi keyingi tadqiqotlar uchun asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Shuhrat HAYITOV,

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA