Oxirgi daqiqa

Xitoydan O‘zbekiston orqali Fransiyaga parvozlar yo‘lga qo‘yiladi

Fransiyaning CMA CGM Air Cargo yuk tashuvchi aviakompaniyasi bosh direktori Damiyen Mazauder boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizga tashrif buyurdi.

Uzbekistan Airports aviakompaniyasi, «O‘zaviatsiya» agentligi va «O‘zaeronavigatsiya» markazi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Xitoydan O‘zbekiston orqali, xususan “Navoiy” xalqaro aeroportida texnik to‘xtash bilan Fransiyaga havo transportida yuk tashish bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Fransiya aviatashuvchi kompaniyasi Airbus A330 samolyotlarida haftasiga beshta parvozni amalga oshirishi va “Navoiy” xalqaro aeroportida texnik qo‘nish, aviayoqilg‘i quyishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan Fransiya kompaniyasi vakillariga “Navoiy” xalqaro aeroportining texnik va operativ imkoniyatlari namoyish etildi.

Ma’lumot uchun: Fransiyaning CMA CGM Air Cargo yuk tashish aviakompaniyasi 2021 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning bosh qarorgohi Parijda joylashgan.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA