Oxirgi daqiqa

“Qatar Airways” O‘zbekistonga aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yadi

“Qatar Airways” aviakompaniyasi Doxa-Toshkent-Doxa yo‘nalishi bo‘yicha aviareyslarni yo‘lga qo‘yadi. Ilk parvoz 2024 yilning 2 iyun sanasiga rejalashtirilgan. Bu haqida “Uzbekistan Airports” xabar qildi.

Yo‘lovchi aviareysi haftada to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus A320 havo kemalarida amalga oshiriladi.

“Bunday darajadagi aviakompaniyaning Toshkent aeroportiga parvoz qilishi biz uchun juda muhim. Biz har yili nafaqat parvozlarimiz jo‘g‘rofiyasini kengaytirish, balki, sog‘lom raqobatni yuzaga keltirgan va oxirgi yo‘lovchi uchun xizmat ko‘rsatishni yaxshilagan holda xorijiy aviatashuvchilar sonini oshirishga harakat qilamiz”, deyiladi “Uzbekistan Airports” rasmiy xabarida.

“Qatar Airways” Bosh qarorgohi Doxada joylashgan milliy aviakompaniyadir. Aviatashuvchi butun dunyo bo‘ylab 170 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi. “Qatar Airways” ko‘plab nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan va Britaniyaning Skytrax konsalting kompaniyasi tomonidan yetti marta “Dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi” deb e’tirof etilgan.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA