Oxirgi daqiqa

Jahon transport sohasi vakillari Toshkentda jam bo‘ldi

Ayni payt poytaxtimizdagi “Ivent-xoll” majmuasida “Sheriklik tashabbuslari haftaligi” doirasida “Yangi O‘zbekiston: mintaqalarni bog‘lovchi ko‘prik” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning birinchi qismida “Yirik transport infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribalari – iqtisod o‘sishining asosiy tamoyili” mavzusida panel sessiya tashkil etildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi, Latviya davlatlari transport vazirliklari rahbarlari, shuningdek, YeTTB, Jahon banki, USAID, UBC biznes-klublari assotsiatsiyasi, “ATR” kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakillari ishtirok etmoqda.

Dasturga muvofiq xorijlik mutaxassislar har bir mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida hal qiluvchi o‘rinni egallagan transport sohasida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribasiga to‘xtalib o‘tyapti.

Shuningdek, xalqaro yuk tashuvlari va logistikani rivojlantirish orqali davlatlar va mintaqalar o‘rtasida xalqaro savdoni kengaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va farovonlikni ta’minlashda birgalikdagi sa’y-harakat ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli aloqani rivojlantirish va mustahkamlash har bir davlat tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishiga aylanganini, ushbu jarayonda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

U 2022 yil 20 iyundan boshlab 1990 yillar boshida to‘xtatib qo‘yilgan Dushanbe – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlari harakati qayta tiklanganini alohida qayd etdi.

Ta’kidlash joizki, tadbir davomida o‘zaro bog‘liqlikni barcha transport sohalarda rivojlantirish yuzasidan dolzarb takliflar ilgari surildi. Mazkur yo‘nalishda yangi transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan loyihalar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, sessiyada Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev, Latviya Respublikasi transport vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Uldis Reymanis ham nutq so‘zlaydi.

Batafsil ma’lumotni O‘zAda o‘qib borishingiz mumkin.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA