Yer qa’rini geologik o‘rganish, mineral xomashyo bazasini kengaytirish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish geologiya sohasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish alohida ahamiyatga ega.
MDH doirasida ham ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, davlatlar geologik xizmatlari o‘rtasida tajriba va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda Minsk shahrida MDHga a’zo davlatlarning yer qa’rilarini qidirish, undan foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo kengashining XXIX sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Hududiy va ruda geologiyasi bo‘limi rahbari Nafisa Do‘labova boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Sessiyada Hukumatlararo kengashning 2023-2030-yillarga mo‘ljallangan istiqbollar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakatda geologik tadqiqotlarni rivojlantirish, raqamli geologik xaritalarni yaratish hamda yagona milliy geologik ma’lumotlar bazasini shakllantirish borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Tadbir davomida yer qa’rilarini geologik o‘rganish, sohani raqamlashtirish va MDH davlatlari geologik xizmatlari o‘rtasida axborot almashinuvini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar mazkur yo‘nalishlardagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Sessiya yakunida geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba va axborot almashinuvini kengaytirish bo‘yicha keyingi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA