Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqining farovonligi yo‘lidagi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Rossiya har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, ustuvor yo‘nalishlarda yetakchi korxona va kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv faol davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.