O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Belarus yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
O‘zbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 8-9-iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni bajarish doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda samarali muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Faol tus olgan hududlararo hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.