O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Eron Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli faoliyatida yangi zafarlar tiladi.
O‘zbekiston yetakchisi Yaqin Sharq mintaqasida keskinlik davom etayotganidan jiddiy tashvish bildirib, ayni paytda vazminlikni saqlash va muloqotni qayta tiklash har qachongidan ham muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
Telefon suhbati davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Eron yetakchilari kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.