Oxirgi daqiqa

Timoti Smart: O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatlari yangi dinamik bosqichda

O‘zbekiston Respublikasi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga joriy yilning 18-fevral sanasida 34 yil to‘ldi. Ushbu davr ikki davlat o‘rtasidagi izchil hamkorlik, yuksak o‘zaro ishonch va mustahkam strategik sheriklik tarixiga aylandi.

So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar, ta’lim, xavfsiz migratsiya, infratuzilmani rivojlantirish hamda “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi sheriklik jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Britaniya ishbilarmon doiralari va davlat tuzilmalari bilan aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqboldagi muhim loyihalar xususida so‘z bordi.

– Janob Elchi, 18-fevral – mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan kun. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya aloqalarining evolyutsion rivojlanishini qanday baholaysiz?

– Avvalambor, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning 34 yilligi Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha maxsus vakili Lord Olderdaysning O‘zbekistonga tashrifi bilan nishonlanayotganidan g‘oyat mamnunman. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinish sharafiga muyassar bo‘ldik. O‘zbekiston hukumatining samimiy qabuli va yuksak mehmondo‘stligi uchun minnatdorlik bildiramiz. Shuningdek, kelasi hafta Londonda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” (C5+1) shaklidagi tashqi ishlar vazirlari sammitini katta qiziqish bilan kutyapmiz.

O‘tgan o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida munosabatlarimiz qamrovi sezilarli darajada kengaydi. Dastlabki bosqichda oddiy diplomatik aloqalar sifatida boshlangan hamkorlik bugungi kunda o‘zaro manfaatlar va mushtarak qadriyatlarga asoslangan keng qamrovli hamda konstruktiv sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Siyosiy muloqot, ta’lim, savdo, xavfsizlik va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan tizimli islohotlar ushbu jarayonlarga yangi sur’at bag‘ishladi. Bugungi munosabatlarimiz har qachongidan ham dinamik, istiqbolga yo‘naltirilgan va o‘zaro manfaatli xususiyatga ega.

– Bugungi kunda migratsiya global miqyosdagi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Xavfsiz va qonuniy migratsiyani ta’minlash borasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini qanday tavsiflaysiz?

– Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan xavfsiz va qonuniy migratsiyani ta’minlash hamda migratsiya yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish borasidagi sheriklikni mustahkamlash tarafdoridir. Ta’kidlash joizki, Buyuk Britaniya o‘zbekistonlik fuqarolar uchun istiqbolli mehnat bozoriga aylanib bormoqda. Biz Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan yaqin hamkorlikda “Mavsumiy ishchilar dasturi” (SWS) doirasida maxsus loyihani amalga oshirmoqdamiz. Ushbu tashabbus mehnat migrantlarining o‘z huquqlarini anglashi, asosli qarorlar qabul qilishi hamda soxta va’dalar va noto‘g‘ri axborot xatarlaridan himoyalanishiga xizmat qiladi.

Loyiha migratsiya jarayonining barcha bosqichlarini qamrab oladi: jo‘nab ketish oldidan yo‘riqnomalar berish, ingliz tiliga o‘qitish va axborot kampaniyalaridan tortib, vatanga qaytgandan so‘ng moliyaviy savodxonlik, biznes ko‘nikmalarini shakllantirish va kichik grantlar ajratishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Yaqinda mazkur dasturning to‘rt nafar ishtirokchisiga O‘zbekistonda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun grantlar topshirildi.

Bizning uzoq muddatli maqsadimiz – xavfsiz va shaffof mehnat mobilligini ta’minlash orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo‘shish hamda Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi mas’uliyatli sheriklikni yanada chuqurlashtirishdir.

– Ta’lim sohasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng muhim ustunlaridan biri sanaladi. Britaniya oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar o‘zbekistonlik yoshlar uchun qanday imkoniyatlar eshigini ochmoqda?

– Darhaqiqat, ta’lim sohasidagi sheriklik O‘zbekiston va Buyuk Britaniya munosabatlari o‘rnatilgan ilk davrlardan buyon ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelmoqda. 2002-yilda Toshkent shahrida Vestminster xalqaro universitetining tashkil etilishi mamlakatingizdagi ilk xorijiy oliy ta’lim muassasasi sifatida tarixda qoldi va u bugungi kunda ham yetakchi ta’lim maskanlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Britaniya universitetlari diplomlarini taklif etuvchi 13 ta transmilliy ta’lim muassasasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bu o‘z navbatida jahon darajasidagi ta’lim standartlariga bo‘lgan yuksak ishonchning ifodasidir. Ayni paytda 15 ming nafar o‘zbekistonlik talaba Britaniya darajasi yoki diplomi asosida tahsil olmoqda. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 10 ming nafarni tashkil etgan edi.

Shuningdek, “Chevening” stipendiya dasturi iqtidorli mutaxassislarga Buyuk Britaniyada bilim olib, Vatan ravnaqi uchun xizmat qilish imkonini bermoqda. Britaniya Kengashi esa 35 yillik faoliyati davomida ingliz tili ta’limini ommalashtirish va madaniy-akademik aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelyapti. Kembrij baholash tizimining Prezident maktablari bilan hamkorligi esa ta’lim sifatini xalqaro andozalarga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu sa’y-harakatlarning barchasi global raqobatbardosh kadrlar avlodini shakllantirishga qaratilgan.

– Ma’lumki, Buyuk Britaniya oliy ta’lim sifatini nazorat qilish va standartlashtirish borasida boy tajribaga ega. Ushbu tajriba O‘zbekiston ta’lim tizimidagi islohotlarga qay darajada integratsiya qilinishi mumkin?

– Buyuk Britaniya shaffof va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan sifatni ta’minlash tizimlarini shakllantirishda katta tajriba to‘plagan. O‘zbekistonda ta’lim islohotlari izchil tus olgan bir paytda, biz ushbu tajribani baham ko‘rishga tayyormiz. Britaniya universitetlari va sifatni baholash institutlari o‘zbekistonlik hamkorlari bilan akkreditatsiya mexanizmlarini modernizatsiya qilish, universitet boshqaruvini takomillashtirish va pedagoglar malakasini oshirish yo‘nalishlarida yaqin hamkorlik qilmoqda. Biz O‘zbekistonda ta’lim standartlarini yuksaltirish borasidagi qat’iy siyosiy irodani yuksak qadrlaymiz. Texnik ko‘mak va institutsional sheriklik orqali biz talabalar va jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan zamonaviy ta’lim tizimini barpo etishda ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz.

– Iqtisodiy aloqalar, xususan, savdo va investitsiyalar sohasidagi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada o‘smoqda. Sizningcha, qaysi yo‘nalishlar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik uchun eng istiqbolli hisoblanadi?

– 2016-yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmi 73 million funt sterlingni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 2,2 milliard funt sterlingga yetdi. Bu o‘sish dinamikasi iqtisodiy aloqalarimizning naqadar salohiyatli ekanidan dalolat beradi. Yaqinda o‘tkazilgan Buyuk Britaniya – O‘zbekiston infratuzilma konferensiyasida 30 dan ortiq Britaniya kompaniyalari ishtirok etdi. Ular qurilish, loyihalash, shaharsozlik va sog‘liqni saqlash kabi sohalarda dunyodagi eng ilg‘or tajribaga egadir. Shuningdek, turizm, madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish uchun zarur bo‘lgan strategik minerallarni qazib olish sohalarida ham hamkorlik imkoniyatlari nihoyatda keng. O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilayotgan shaffof muhit Britaniya ishbilarmonlarining mamlakatingizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.

– Iqlim o‘zgarishi va “yashil” taraqqiyot bugungi kunning eng dolzarb masalasi. Bu borada mamlakatlarimiz qanday amaliy qadamlarni birgalikda tashlamoqda?

– Har ikki davlat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish zarurligini teran anglaydi. Biz qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suv resurslarini oqilona boshqarish va “yashil” moliyalashtirish yo‘nalishlarida muntazam muloqotdamiz. Texnik tajriba almashish va toza texnologiyalarga sarmoya kiritish orqali O‘zbekistonning “yashil” transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish ustuvor vazifamizdir.

– Janob elchi, shaxsan sizni O‘zbekistonda eng ko‘p nima hayratlantirdi? Britaniya jamoatchiligi uchun O‘zbekistonning hali kashf etilmagan qanday salohiyatli jihatlari bor, deb o‘ylaysiz?

– Meni eng ko‘p hayratlantirgan jihat – o‘zbek xalqining yuksak mehmondo‘stligi, insoniy samimiyati hamda qadimiy an’analar bilan zamonaviy modernizatsiyaning ajoyib uyg‘unligidir. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar — insoniyat tamaddunining nodir durdonalari. Ishonchim komilki, Buyuk Britaniyada ko‘pchilik hali O‘zbekistonning boy madaniy va tabiiy salohiyatidan to‘liq xabardor emas. Turizm — mamlakatingizning hali to‘liq kashf etilmagan ulkan boyligidir. Britaniyalik sayyohlar O‘zbekistonning betakror me’morchiligi, pazandachilik san’ati va tabiatini kashf etar ekan, mamlakatingizning xalqaro nufuzi yanada yuksalaveradi.

Xulosa qilib aytganda, 34 yillik hamkorlik davomida biz mustahkam strategik sheriklik poydevorini yaratdik. Ta’lim, xavfsiz migratsiya va “yashil” taraqqiyot kabi yo‘nalishlardagi natijalar istiqboldagi munosabatlarimiz yanada porloq bo‘lishidan dalolat beradi.

– Mazmunli suhbat uchun tashakkur, janob elchi.

O‘zA muxbiri Musulmon Ziyo suhbatlashdi