Tailand davlatining Pattaya shahrida gandbol bo‘yicha administrator, sport menejerlari va murabbiylar uchun tashkil etilgan ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulotlarda o‘zbekistonlik 10 nafar mutaxassis ishtirok etdi.
O‘tgan yil dekabr oyining so‘nggi kunlari boshlangan xalqaro seminar mashg‘ulotlari trener va menejerlarning malakasini mustahkamlash, ularga sport sohasidagi zamonaviy tendensiyalar va standartlarni yanada chuqur anglashlarida katta yordam berdi.
Ushbu xalqaro seminar, sohada faoliyat yuritib kelayotgan mutaxassislarning har tomonlama professional rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Kurs davomida ishtirokchilar zamonaviy sportchini tayyorlash uslublari, strategik rejalashtirishning samarali vositalari, mashg‘ulot jarayonini boshqarish tamoyillari hamda turli darajadagi jamoalar bilan ishlashning innovatsion yondashuvlari bo‘yicha bilim va malakalarini mustahkamladi.
Bugun, 6 yanvar kuni seminarning so‘nggi kunida mashg‘ulotlarda o‘z bilim va malakasi yuqoriligini ko‘rsatgan mutaxassislarga Osiyo gandbol federatsiyasi tomonidan maxsus sertifikatlar taqdim etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA