Mamlakatimiz hunarmandlari Turkiyada “Buyuk Trak (Ipak) yo‘li bo‘ylab san’at motivlari” nomli birinchi xalqaro simpoziumda ishtirok etib qaytdi.
Ipak yo‘li madaniy merosi, an’anaviy hunarmandchilik va amaliy san’atni targ‘ib etish, tajriba almashish va ijodiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbir Turkiya Madaniyat va Turizm vazirligi hamda Kutahya Dumlupinar universiteti hamkorligida bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston xalq ustasi, mashhur kulol Bahodir Niyozov hamda Toshkent shahridan kashtachi usta Madina Qosimboyeva boshchiligidagi delegatsiya a’zolari qatnashdi. Ular o‘z asarlari, mahorat darslari va taqdimotlari orqali milliy kulolchilik va kashtachilik san’atimizni xalqaro maydonda munosib namoyish etdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ilmiy munozaralar, amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda hunarmandlar o‘rtasida tajriba almashuvlari o‘tkazildi. O‘zbekiston hunarmandlari Ipak yo‘li merosining munosib davomchilari sifatida simpoziumda yuqori baholandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA