Oxirgi daqiqa

Saudiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi: munosabatlar rivojlanmoqda

“Globus” loyihasidan bu gal Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf bin Solih Al-Gahra Al-Utaybiyning “Ar-Riyod” gazetasi siyosiy muharriri Abdulaziz Ash-Shahriyga o‘zaro munosabatlarning joriy holati haqida bergan intervyusi o‘rin olgan.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabat tegishli mutasaddilar o‘rtasida tashrif almashish, qo‘shma hukumat qo‘mitalari, ishbilarmonlar kengashi sessiyalari va forumlarini o‘tkazish orqali, ayniqsa, iqtisodiyot, tijorat sohalarida jadal rivojlanmoqda. Bunday tadbirlar har ikki tomon uchun istiqbolli ekani shubhasiz.

Saudiya Arabistoni Podshohligi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchilardan bo‘lib – 1991 yil tan olgan. Ayniqsa keyingi yillarda aniq qarash va mushtarak maqsadlarga ega ikki davlat rahbariyati qardosh xalqlarimiz orzu-umidini ro‘yobga chiqarish istagini namoyon etmoqda.

Masalan, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistonda ko‘plab infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda. Hozirgacha 12 ta yirik loyiha uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarning umumiy qiymati bir milliard riyoldan oshdi. Jamg‘arma bosh direktori Sulton Al-Murshid O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurib, Bosh vazir boshchiligidagi yuqori lavozimli amaldorlar bilan ko‘plab tashabbuslarni muhokama qildi. Ayni payt fondga taqdim etilgan va o‘rganilayotgan loyihalar Yangi O‘zbekistonni barpo etishga hissa qo‘shadi, inshaalloh.

O‘tgan yil Saudiyaga yarim million o‘zbekistonlik tashrif buyurgan. Jamg‘arma ishchi guruhi doimiy ravishda respublikaga kelib, loyihalarni kuzatib boradi, ishni baholab, yangi loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan tushgan so‘rovlarni o‘rganadi.

So‘nggi yillarda biz xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birimizni izchil qo‘llab-quvvatlayapmiz. Zero, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar faoliyati doirasidagi o‘zaro yordam hamkorlikning faol shakllaridan biridir. O‘tgan yil mart oyida Siyosiy maslahatlashuvlar qo‘mitasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Volid Al-Hurayjiy boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda pozitsiyalarni o‘zaro muvofiqlashtirish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar muhokama qilinib, bu borada izchil kelishuvlarga erishildi.

Tashqi ishlar vaziri Shahzoda Faysal bin Farxon 2024 yil 15 aprel kuni “Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo” strategik muloqoti ikkinchi vazirlar yig‘ilishi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi va boshqa rasmiylar bilan ham uchrashdi. Muloqotlar davomida diplomatik va xususiy pasport egalari uchun vizanio‘zaro bekor qilish to‘g‘risida bitim imzolangani munosabatlarimizga yuksak sur’at bag‘ishladi.

O‘zbekiston yetakchisining 2022 yil 17 avgust kuni Podshohlikka tashrifi ushbu davlat rahbarining yurtimizga o‘ttiz yil ichidagi ilk tashrifi sifatida mamlakatlarimiz munosabati tarixidagi eng muhim voqealardan biri sifatida namoyon bo‘ldi. O‘shanda Valiahd shahzoda va Bosh vazir Muhammad bin Salmon bilan uchrashuvdan so‘ng aloqalar sezilarli darajada tezlashdi va bugun biz samarali natijalarga guvohmiz. Mirziyoyev Janobi Oliylari 2023 yil iyul oyida Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yig‘ilishi hamda Ko‘rfaz arab va Markaziy Osiyo davlatlari sammitida ishtirok etish uchun yana bir bor Podshohlikkatashrif buyurdi. Sammit ishi doirasida Valiahd shahzoda Oliy hazratlari bilan uchrashdi.

Muzokaralar natijasida 2023 yil 1 yanvardan Saudiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish vizasi bekor qilingan.

Bugungi kunda Jidda va Toshkent o‘rtasida haftasiga sakkiz marta havo qatnovi amalga oshirilmoqda. Tijoriy aviakompaniyalar bilan birga hisoblaganda davlatlarimiz o‘rtasida haftasiga 25 dan ortiq reys yo‘lga qo‘yilgan.

Podshohlikning iqtisodiyotni rang-baranglashtirish, ijtimoiy hayotni yaxshilash, odamlar turmush darajasini ko‘tarish, samarali davlat muassasalari barpo etishga xizmat qiluvchi “Nigoh-2030” va “O‘zbekiston-2030” taraqqiyot strategiyasi o‘rtasida ko‘plab umumiy jihatlar bor. Икки davlat rahbarlari ko‘rsatmalari, o‘zaro e’tiborlari asosida xalqlarimiz farovonligini oshirish maqsadiga yo‘naltirilgan aloqalar mustahkamlanayotgani quvonarli, albatta. Mushtarak manfaatlar yo‘lida qator sohalar bo‘yicha sheriklik darajasi yuksalayotganini alohida qayd etgan bo‘lardim.

2022 yil dekabr oyida Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq Ar-Robi’a O‘zbekistonga samarali tashrif amalga oshirdi. Shuningdek, turizm boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan ko‘rgazma ham munosabatlar rivojida muhim o‘rin egalladi.

Bugungi kunda o‘zaro ziyoratchilar va sayyohlar soni ko‘payishiga guvohmiz. Investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falihning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng faol tuzilmalardan biri sanalgan O‘zbekiston bilan qo‘shma qo‘mita majlisi va investitsiya forumidagi ishtiroki, ikki davlat Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanning respublikaga nisbatan jiddiy qiziqishi, kompaniya O‘zbekiston iqtisodiyotiga 17 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritishi, Saudiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi faolligini ham ta’kidlash joiz.

Shu o‘rinda Hukumatlararo qo‘shma komissiya va Ishbilarmonlar kengashi davlat hamda xususiy sektorga duch kelayotgan muammolarni hal etish, qiyinchiliklarni yengib o‘tishda ko‘makchi bo‘layotgani e’tirofga loyiq. Rahbarlarimiz qo‘llab-quvvatlovi tufayli kelgusida qardosh xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan sarmoyaviy loyihalar yanada ko‘payadi, degan umiddamiz.

Turizm sohasida 2023 yilga mo‘ljallangan sayyohlik vizalari soni 37 mingdan oshdi, joriy yil ushbu raqam ikki barobar ko‘tarilishi kutilyapti. Sayyohlik kompaniyalari uchun har ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va tadbirlar o‘zaro manfaatli hisoblanadi.

Madaniy hamkorlik masalasi ham ikki tomonni qiziqtiradi. Hozir o‘zaro madaniyat kunlarini o‘tkazish, boy madaniy meros bilan tanishishga tayyorgarlik ko‘rilyapti.

Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish muhim, deb hisoblayman.

Yaqin kelajakda aeroportlar infratuzilmasi, energetika tarmog‘ini rivojlantirish va raqamlashtirish, issiqlik ta’minoti tarmog‘ini modernizatsiya qilish, chiqindini qayta ishlash, farmatsevtika va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, tibbiy klinikalar ochish, turizm markazlari tashkil etish, qishloq xo‘jaligiga oid tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA