Oxirgi daqiqa

“Toshkent-2025” O‘zbekistonning yangi muvaffaqiyatlariga eshik ochadi — Majid Rashid

“Toshkent – 2025” yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari yaqinlashgani sayin uning doirasidagi tashkiliy ishlar, rasmiy uchrashuvlar, xalqaro sport tashkilotlari mutasaddilarining yurtimizga tashrifi ortib boraveradi. Bu tabiiy hol, albatta.

Bunday ko‘lamdagi musobaqa Markaziy Osiyo hududida ilk bor tashkil etilayotgani, qolaversa “kichik olimpiada” yuksak e’tiborga molik tadbirligi bois, har bir masala belgilangan tartibda yechim topishi bugungi kunning muhim vazifasi hisoblanadi.

Shu kunlarda poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Osiyo paralimpiya qo‘mitasining I muvofiqlashtirish komissiyasi yig‘ilishlarida aynan “Toshkent-2025” o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, sport turlari mundarijasi, o‘yinlar dasturi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

Kuni kecha Sport vazirligida Osiyo paralimpiya qo‘mitasining I muvofiqlashtirish komissiyasi yig‘ilishlarida ko‘rilayotgan masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjuman avvalida Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi, “Toshkent-2025” o‘yinlarini tashkil etish direksiyasi rahbari Oybek Qosimov muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan masalalar, para sport turlarining qit’adagi rivoji, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan insonlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, “Toshkent-2025” o‘yinlarining ahamiyati haqida ma’lumotlar berdi.

Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berish asnosida O‘zbekistonda barcha sohalar jadal rivojlanayotganini, olib borilayotgan islohotlar inson farovonligi, imkoniyatlarini namoyish etishga qaratilganini, bunga para sportchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik yaqqol misol bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, “Toshkent-2025” o‘yinlari yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi yangi muvaffaqiyatlariga eshik ochishini aytib o‘tdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov mazkur nufuzli musobaqaga olib borilayotgan katta hajmdagi hozirlik, o‘yinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari va ular o‘tkaziladigan ob’ektlar, delegatsiyalarning taxminiy soni, transport-logistika, antidoping, viza, aviaqatnovlar kabi masalalar yuzasidan axborot berdi.

Eslatib o‘tamiz, kelgusi yilning oktyabr oyida tashkil etilishi rejalashtirilgan Paraosiyo o‘yinlarida bir yarim ming nafardan ziyod matonatli va irodali para sportchilar 10 ta sport turidagi musobaqalarda yurtlari sharafini himoya qiladi.

T.Ro‘ziyev, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA