“VnEconomy” (Vetnam iqtisodiyoti) va ushbu mamlakatning boshqa qator nashrlari 19-mart kuni Xanoy shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Vetnam biznes forumini keng yoritdi.
Anjumanda Vetnam Savdo-sanoat palatasi raisi Fam Tan Kong va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov “Davlatlarimiz o‘rtasida savdo va sarmoyaviy aloqani mustahkamlash, hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish vaqti keldi”, degan yakdil fikrga kelishgan.
Mavzuga oid asosiy maqola muallifi 2023-yil tovar ayirboshlash 2022-yilga nisbatan 32 foiz oshgani, import 13,5 foizga o‘sganini keltirgan. Vetnamning O‘zbekistonga eksportida kompyuter, elektr mollari va butlovchi qism, yog‘och va yog‘ochdan yasalgan buyumlar, plastmassa salmoqli joy egallagan. O‘zbekistondan esa ushbu mamlakatga ko‘proq to‘qimachilik, tikuvchilik, poyabzal mahsulotlari, barcha turdagi o‘g‘itlar uchun xom ashyo kirib kelgan.
Fam Tan Kong 1994-yilda iqtisodiy hamkorlik va savdo to‘g‘risida bitim imzolangan bo‘lsa-da, aloqalar o‘zaro manfaatli tarzda yo‘lga qo‘yilmaganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, har ikki tomonda hali foydalanilmagan imkoniyat bisyor.
– O‘zbekiston paxta eksporti bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi, – qo‘shimcha qildi mezbon. – Shuningdek, Markaziy Osiyoda oltin, tabiiy gaz, kimyo va mashinasozlik sohasida yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.
O‘z navbatida B.Saidov tadbir ishtirokchilarni qutlarkan, yurtimiz imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Vazir iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga samimiy qiziqish bildirgani va ko‘mak taklif etgani uchun Vetnam yetakchi sanoat kompaniyalari, tadbirkorlar va hukumat vakillariga minnatdorlik bildirdi.
Forum doirasida samarali B2B uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tdi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA