O‘tgan yil oktyabr oyida, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga ikkinchi rasmiy tashrifi chog‘ida Prezident Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etgan edi. Mana, oliy maqomli mehmonni kutish onlari xam yaqinlashmoqda.
Biror ishni o‘ta mohirlik bilan bajargan kishini, beixtiyor, “ustasi farang ekansiz-a”, deya alqaymiz. Bu bejiz emas.
O‘zbeklar fransuzlarni uddaburon, tadbirkor, har sohada mohir ishbilarmon, hunarmand deb bilganlar. Zero, asl “ustasi farang”lar aynan Fransiyada istiqomat qilishadi.
Yer kurrasining aylana troyektoriyasini chizib beradigan o‘sha mashhur Fuko mayatnigidan tortib, gugurtgacha, sinematografdan film, foto suratgacha Fransiyada ixtiro qilingan.
Avtomobil, sport mashinalari, yo‘lovchi va yuk tashuvchi samolyot, fazoviy raketa, elektronika va elektrotexnika, neftni qayta ishlash va energetika mamlakat sanoatining eng yirik tarmoqlari hisoblanadi.
Tabiiyki, jadal rivojlanayotgan Yangi O‘zbekiston shunday davlat bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Ayni payt “Teknip”, “Obertyur”, “Komau Frans” kabi o‘nlab fransuz kompaniyalari yurtimizda turli savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Masalan, O‘zbekiston yer yuzidagi eng yirik samolyot ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri sifatida Fransiyaning mashhur “Eyrbus” aviakompaniyasi bilan yaqin sherik sanaladi. Milliy havo laynerlarimiz parkida 30 ga yaqin A310 va A320 rusumli samolyotlari bor.
Poytaxtimizda “Alyans fransez” fransuz markazi samarali faoliyat olib bormoqda.
Sohibqiron Amir Temur va imperator Napoleon Bonapart dunyoning eng mashhur sarkardalari sifatida doimo yonma-yon tilga olinadi. Amir Temurni Yevropa va Osiyo chegarasi – Usmon yarim orolidagi yirik g‘alabasi bilan ko‘pchilik hukmdorlar qatori Fransiya qiroli Sharl VI ham tabriklab, maxsus maktub yo‘llagan.
Jahongir sarkarda sifatida e’tirof etiladigan Buyuk Temur va Napoleon, ayni bir payt o‘zlaridan juda ko‘p inshootlar, bog‘-rog‘larni meros qilib qoldirgan bunyodkor ham edi. Bu ikki beqiyos shaxs davlatni adolatli idora qilishga asos bo‘lgan “Tuzuklar”, “Kodekslar”, “Konstitutsiyalar” va boshqa ko‘plab yozma o‘gitlar qoldirganliklari ham ma’lum.
Har ikki mamlakat buyuk tamaddun, boy tarixiy o‘tmishga ega. Taniqli adib, jamoat arbobi Viktor Gyugo Mashriqdan ilhomlanib, “Sharq taronalari” asarini yaratgan. Bu yozuvchi asarlarida Sohibqiron Amir Temur shaxsiga bir necha bor murojaat qiladi. Uning bitiklarni o‘qir ekansiz, betakror jonli til, teran fikr, poetik ramzdan hayratlanasiz.
Qorako‘l, atlas, algoritm, astrolobiya, darvish, minaret kabi so‘zlar fransuz va o‘zbek tillarida bir-biriga yaqin talaffuz qilinadi. Parijdagi eng yirik tibbiyot maskani – “Hôpital Avicenne” Avitsenna, ya’ni Ibn Sino nomi bilan yuritiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonga Fransiya tomonidan qiziqish sezilarli darajada ortdi. Fransiyalik siyosatchi olimlar J.Barra, K.Ferro, Sh.Vang Parijda “O‘zbekiston geosiyosati” nomli asarni nashr ettirdilar. Hamyurtimiz, taniqli davlat va jamoat arbobi, akademik Akmal Saidov mashhur fransiyalik temurshunos olim Lyusen Keren bilan birga yozgan “Amir Temur va Fransiya” kitobi hajmi, mazmuni jihatidan jiddiy fundamental asarlar qatoridan o‘rin oldi.
Ayniqsa, ishbilarmonlar, xususan, yengil sanoat, mashinasozlik, atom energetikasi kabi sohalardagi ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka intilish tobora kuchaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshida Fransuz tili va madaniyati markazi tashkil qilingan. Ko‘plab oliy o‘quv yurtlarimizda fransuz tili kafedralari ochilyapti. Diyorimizda ushbu tilni o‘qitishga ixtisoslashgan maktablar soni ko‘payib, peshma-pesh o‘quv materiallari nashr etilmoqda. Respublikamizda Fransiya universitetlaridan birining filialini ochish, o‘zaro o‘qituvchilar, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Turizmni, parlamentlararo aloqani, xalq diplomatiyasini rivojlantirish yzlidagi ishlar tobora avj olmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda Fransiya bilan qo‘shma korxona va loyihalar soni uch barobar ko‘paydi. Bu jarayonda energetika, geologiya-qidiruv, oziq-ovqat sanoati va savdo sohalarida “Total Eren”, “Veolia”, “Orano”, “Lactalis”, “Carrefour”, “Shiever” singari xalqaro miqyosda nom qozongan kompaniyalar faoliyati diqqatga sazovor.
Qo‘shma loyihalar joriy portfeli bugungi kunda 5 milliard yevrodan oshdi.
Serquyosh zaminimizda yetishtiriladigan shirin-shakar meva-sabzavot, yong‘oq, turshak, mayiz, shuningdek o‘zbek paxtasidan tayyorlangan, kiyganda tan yayraydigan to‘qimachilik mahsulotlarining Yevropa Ittifoqiga, xususan, Fransiyaga eksporti tobora ortmoqda.
Bir noyob hujjat bor: olti asr muqaddam Sohibqiron Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan maktubining asl nusxasi. Bu ikki hukmdor o‘rtasidagi yozishmada o‘zaro muntazam savdo aloqasini o‘rnatish haqida so‘z borgani tarixiy manbalar orqali ma’lum.
O‘tgan yil 22 noyabr kuni Parijdagi Yelisey saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik ruhida rivojlantirishga kelishib oldilar.
Yetakchilar o‘zlarining har bir chiqishida ikki tomonlama aloqa jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot chuqurlashib, xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlar bir-biriga ko‘maklashayotgani, parlamentlararo muloqot kengayganini mamnuniyat bilan qayd etmoqdalar.
Shu o‘rinda davlatlarimiz va xalqlarimizning uyg‘un tarixiga oid ikki misolni keltirmoqchi edim.
Ixtirochi Skladanovskiyning “bioskop”i, aniqrog‘i “sinematografi” aka-uka Lyumerlar tomonidan 1895 yil 28 dekabr kuni Parijda sinovdan o‘tkazilgani ko‘pchilikka ma’lum. O‘shanda suratning ajoyib-g‘aroyib harakatlanishi ilk bor Fransiyada namoyish etilib, tarixga kirgan.
O‘zbekistonlik ixtirochi Boris Grabovskiyning “Telefot”i esa 1928 yil 26 iyulda poytaxtimizdagi hozirgi “Buyuk Turon” ko‘chasi bilan Mustaqillik xiyoboni kesishgan chorrahada sinab ko‘rilgan. Shu tariqa televideniye texnika majmuasi yordamida birinchi marta jonli telereportaj bundan 95 yil mukaddam Toshkentda ko‘rsatilgan.
Demak, bugungi kunga kelib insoniyat turmush tarzining ajralmas bo‘lagiga aylangan san’at turi – kino Fransiya poytaxti Parijda, ommaviy kommunikatsiya vositasi – televideniye esa O‘zbekiston poytaxti Toshkentda yaratilib, amaliyotga tatbiq etilgan. Bu olamshumul voqelarni BMT tuzilmasi – YUNESKO ham e’tirof etgan edi.
Irismat Abduxoliqov,
O‘zA sharhlovchisi