Oxirgi daqiqa

AQSH va O‘zbekiston shaxmatchilari olimpiada oldidan kuch sinashdi

Ikki kunlik keskin va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida 1-o‘rinni egallab kelayotgan AQSH terma jamoasi umumiy hisobda 14:10 ko‘rinishida g‘alaba qozondi.

Xususan, rapid yo‘nalishidagi musobaqalarda AQSH jamoasi 5 ochko jamg‘argan bo‘lsa, O‘zbekiston shaxmatchilari 3 ochkoga ega bo‘lishdi.

Kecha o‘tkazilgan blits bahslarida ham okean orti vakillari ustunlikka erishdi. AQSH-O‘zbekiston - 9:7.

Shaxmatchilarning alohida ko‘rsatkichlari borasida terma jamoamiz a’zolari Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorov o‘tkazilgan 12 ta turda 7,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu, ularni ishtirokchilar orasida yetakchilikka erishishini ta’minladi.

1b90f969-aae1-49e7-ba8b-c4536a16d012

Biroq, yakkalikda Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminovning kerakli natijalarga erisha olmagani, aksincha AQSH terma jamoasining 4 nafar a’zosi mo‘’tadil ochko jamg‘argani jamoaviy ko‘rsatkichlarda amerikaliklarning muvaffaqiyatga erishishiga olib keldi.

Nima bo‘lganda ham, joriy yil sentabr oyida Samarqandda o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ostonasida tashkil etilgan ushbu musobaqa har ikki jamoa uchun ikki yillik olimpiadaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA