Bugungi kunda o‘zbek ipakchiligi mahsulotlari jahon bozori kon’yunkturasida o‘z o‘rnini topib ulgurdi. Pillachilikning bu darajaga chiqishida davlatimiz rahbarining 2017 yil 29 martdagi qarori asosida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining tashkil etilgani katta ahamiyatga ega.
Qaror asosida pillachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususan, bir yilda to‘rt marotaba pilla hosili yetishtirish, ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish va sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilandi.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, joriy yilda 4 marta pilla yetishtirish mavsumlarida 26,7 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirilib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari 111 foizga bajarildi. Shundan, 1-2-mavsumlarda 24,2 ming tonna, 3-4-mavsumlarda esa 2,5 ming tonna pilla hosilini olishga erishdik.
Tizim korxonalari tomonidan o‘tgan 9 oy mobaynida 1 trillion 413,7 milliard so‘mlik ipak mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’atlari 155 foizga yetkazildi.
Xususan, mahsulotlar kesimida 1 908,1 tonna xom ipak, 801 tonna ipak momig‘i, 9 256,4 ming pogon metr ipak mato, 841,5 tonna kalavalangan ipak ipi, 1 271 ming dona tayyor ipakli mahsulot va 664 dona ipak gilamlari ishlab chiqarildi. Qolaversa, 9 oylik yakunlari bilan 62,7 million dollarlik ipak mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, belgilangan reja 109 foizga bajarildi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’atlari 114 foizni tashkil etdi.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 9 oylik yakunlari bilan 16 ta loyiha doirasida 19,3 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari jalb qilinib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichi 104 foizga bajarildi.
Shuningdek, umumiy qiymati 16 million dollarlik 8 ta yangi loyiha foydalanishga topshirildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “KKR Ipak Cluster” MCHJ, Andijon viloyatida “Afghan Bazar Silk Carpets” MCHJ qo‘shma korxonasi, Qashqadaryo viloyatida “Kitab silkworm” MCHJ, “Kasbi silk” MCHJ, Samarqand viloyatida “Ziyovuddin silk” MCHJ, Toshkent viloyatida “Tashkent silk pro” MCHJ va “Jinjuz silk co” MCHJ XK hamda Xorazm viloyatida “Xorazm pilla xolding” MCHJ kabi korxonalar ishga tushirildi.
Bandlik masalasiga kelsak, tarmoqda 1 million 136,3 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, 8 oylik yakuni bo‘yicha yillik reja ijrosi 101 foizga bajarildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari boshchiligida kuni kecha bo‘lib o‘tgan videoselektorda “Yashil makon” umummilliy loyihasining borishi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrga qadar ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida respublikamiz bo‘ylab 69 million 543,8 ming tup tut ko‘chatlari ekildi.
Ayni kunlarda kuz mavsumida 20 oktyabrdan 1 dekabrga qadar ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik”da yana 53 milliondan ortiq tut ko‘chatlarini ekish uchun maxsus seminar tadbirlari boshlab yuborilgan. Bunda hududiy “Agropilla” MCHJ rahbarlariga mavjud ekin maydonlari va fermer xo‘jaliklari tarkibidagi dala chetlariga tut ko‘chatlarini ekish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, pillachilikda ozuqa bazasi va ish o‘rnining ko‘payishi sohaning ravnaq topishi bilan chambarchas bog‘liq. Chunki pillani xomashyo shaklida sotishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlash orqali ipak kalavalarga aylantirish ko‘proq daromad keltiradi. Eng asosiysi, maxsus uskunalarda tayyor gilam yoki liboslar ko‘rinishiga keltirish eksport tushumi oshishiga xizmat qiladi. Buning samarasi o‘laroq o‘zbek ipagining dunyo bozorida xaridorgirligi yanada ortadi.
Bahrom SHARIPOV,
Ipakchilik va jun sanoatini
rivojlantirish qo‘mitasi raisi
O‘zA