MDH sammitida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari ishtirok etmoqda.
Qayd etish lozimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-2021 yillarda MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishlaridagi ishtiroki yakuniga ko‘ra imzolangan hujjatlar va O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritalari» qabul qilingan(100 dan ortiq tadbirlar).
2019-2021 yillarning o‘zida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan MDH doirasida 41 ta tashabbus ilgari surilgan. Ulardan 18 tasi amalga oshirilgan, 21 tasi amalga oshirish jarayonida, qolgan 2 tasi ma’lum muddatga kechiktirilgan.
O‘zbekistonning 2020 yilda MDHga raislik qilishi so‘nggi yillarning muhim voqeasi bo‘lib, har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishga turtki berdi.
Tashkilotning izchil rivojlanishida Hamdo‘stlikni rivojlantirishning kelgusi o‘n yillikdagi asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dasturiy hujjatlar – MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va MDHda 2030 yilgacha Iqtisodiy rivojlanish strategiyasining tasdiqlanishi muhim ahamiyatga egadir.
Hamdo‘stlikni mustahkamlash borasidagi barcha takliflar, birinchi navbatda, respublikaning o‘z manfaatlari uchun eng yuqori natijalarga erishishga qaratilgan.
O‘zbekiston tomoni MDHni jarayonlarni siyosiylashtirmagan holda hamkorlikni keng ko‘lamda chuqurlashtirishning muhim formatlaridan biri deb hisoblaydi.
Masalan, ayni damda MDH doirasida amaldagi savdo rejimini saqlash va yanada takomillashtirish tamoyillariga asoslangan to‘laqonli erkin savdo maydonini shakllantirish masalasi O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shuningdek, transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilash, mehnat muhojirlari manfaatlarini himoyalashning huquqiy mexanizmlarini kengaytirish ham asosiy ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.
O‘zA