Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston regbi federatsiyasi bilan hamkorlikda navbatdagi hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Respublika chempionatlari va kuboklarini o‘tkazish, regbi bo‘yicha milliy terma jamoalarning xalqaro musobaqalar va mahalliy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, 2025 yil uchun moliyaviy hisobot hamda 2026 yilga mo‘ljallangan Respublika chempionatlari va kuboklari rejasi taqdim etildi. Milliy terma jamoalarning 2026 yilda xalqaro musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston regbi federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimi o‘tkazildi.

Hamkorlik memorandumi ommaviy va talabalar sportini rivojlantirish, regbi-7 olimpiya sport turini ommalashtirish, shuningdek, talabalarning jismoniy faollik darajasini oshirish va salomatligini mustahkamlashga qaratildi.
Kelishuv doirasida tomonlar universitet negizida regbi klubini tashkil etish va uning faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, sport to‘garaklari, muntazam mashg‘ulotlar, musobaqalar, mahorat darslari hamda yetakchi sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.
Shuningdek, hujjatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarning oldini olish, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish dasturlari, respublika va xalqaro musobaqalarda, jumladan Universiada o‘yinlarida ishtirok etish uchun sport zaxirasini tayyorlash chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Tadbirda qayd etilganidek, ushbu hamkorlik iqtidorli yoshlarni aniqlash, jamoaviy sport turlarini rivojlantirish, ta’lim va sport sohalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA