Buyuk elga endi daholar kerak!

Buyuk elga endi daholar kerak!

Bu dunyoda insondan faqatgina yaxshi so‘z, ezgu amal, savobli yumushlar qoladi.

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, elimizning suyukli farzandi Erkin Vohidovdan uyg‘oq satrlar, mavzusi abadiy va dolzarb bo‘lgan betakror she’riyat, boy ma’naviy meros qoldi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Marg‘ilon shahridagi shoir nomi bilan ataluvchi ijod maktabi tashkil etilganining 4 yilligi hamda uning xotirasiga bag‘ishlangan mazkur adabiy press-tur adabiy anjuman, yoshlar mushoirasi kabi bir qancha badiiy-ma’rifiy tadbirlarni o‘z ichiga oldi. Xotira tadbiri Prezident ta’lim muassasalari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat, Turizm va madaniy meros vazirliklari hamkorligida tashkil etildi.

Dastlab, Yozuvchilar uyushmasi jamoasi, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, adibning oila a’zolari, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari, she’riyat muxlislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari Toshkent shahridagi “Chig‘atoy” qabristonida bo‘lib, shoir qabrini ziyorat qildi. Erkin Vohidov mangu orom topgan maskanga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Adib haqiga Qur’on tilovat qilindi.

Shundan so‘ng adabiy press-tur qatnashchilari Toshkentning Huvaydo mahallasida bo‘ldi. Erkin Vohidov 1966−2016 yillarda yashab, ijod qilgan xonadonni ko‘zdan kechirdi. 2016 yil 28 dekabr kuni Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan ushbu tabarruk xonadonga yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan edi. Mehmonlar, ayniqsa, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining faol, a’lochi o‘quvchilari u yerda shoirning yorqin ijodi va ibratli hayoti haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Uning muhtasham kutubxonasi, ish kabinetini tomosha qildi. Adib nafasi va ruhini his etdi.

Ishtirokchilar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Erkin Vohidov nomli ilmiy-ma’rifiy markazini ko‘zdan kechirdi. Adiblar xiyobonidagi Erkin Vohidov haykali mazkur universitetga biriktirilgan bo‘lib, o‘quv dargohi shoir nomi va ijodini abadiylashtirishga oid bir qancha xayrli ishlarni bajarib kelyapti. Mehmonlar ma’rifiy markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Oliy o‘quv yurti tomonidan shoir ijodiga oid amalga oshirilgan ezgu ishlardan xabardor bo‘ldi.

Shundan so‘ng adabiy tur qatnashchilari “Adiblar xiyoboni”ni sayohat qildi. Erkin Vohidov haykali poyiga gullar qo‘yildi. Kunning ikkinchi qismida ishtirokchilar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi bilan tanishdi.

Uyushmada tashkil etilgan “Buyuk yurtga endi daholar kerak” shiori ostida adabiy anjuman juda samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Botirjon Ergashev, O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, huquqshunos olim Akmal Saidov, taniqli adib Xurshid Do‘stmuhammad, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron va boshqalar Erkin Vohidov she’riyatining ahamiyati, uning ijodkorlik bilan birga jamoat arbobi sifatida faoliyati xususida batafsil so‘zladilar.

– Oradan yillar o‘tsa-da, Erkin Vohidovning har bir satrini yosh avlod qayta-qayta o‘qishiga, tahsil olishiga, ma’naviyatini ulg‘aytirishiga to‘g‘ri kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Erkin Vohidovning she’riyati shu xalqning baxtu-saodati uchun halovat bilmay mehnat qilishga chorlaydi. Yillar o‘tishi bilan bu she’riyatning quvvati yanada kuchayib, yangi izlanishlarga da’vat etmoqda. Klassik ijodda kemtiklar, g‘alizliklar bo‘lmaganidek, Erkin Vohidov she’riyatida zamonning buyuk iforlari esib turadi.

– Erkin aka inson sifatida ham juda mukammal shaxs edilar, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron. – Ustozning mehrini unutging kelmaydi. Shogird sifatida Erkin akadan bir umr minnatdorman. Ustozning kitoblari hali yana necha-necha avlodlarga yetib boradi, deb komil ishonch bilan aytish mumkin. Anjumanda Marg‘ilon shahridagi Erkin Vohidov nomli ijod maktabining iqtidorli o‘quvchilari shoir she’rlaridan namunalarni o‘qidilar. She’riyat, bahru-bayot bayrami sifatida o‘tkazilgan anjumanda yoshlarimizning milliy she’riyatimizga bo‘lgan mehri yana bir karra namoyon bo‘ldi.

Mehmonlar yangi ovozlarni kashf qildi, ularga baho berdi, so‘z sehridan bahramand bo‘ldi.

Tadbirdan so‘ng qatnashchilar Piyodalar klubi faoliyatiga hissa qo‘shish uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan “Sehrli shaharcha” bog‘igacha piyoda bordi. Sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchilariga aylanishgan ijodkor ustozlar, yosh qalamkashlar va iqtidorli o‘quvchilar Adiblar xiyobonidagi Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Oybek, Zulfiya va Hamid Olimjon, Abdulla Qodiriy, Muqimiy, Furqat, Berdaq, Ogahiy, Bobur, Navoiy haykallari qoshidan o‘tib borar ekan, Erkin Vohidov she’rlaridan aytdi, adabiyot haqida gurunglashdi.

“Sehrli shaharcha” (“Magic city”) bog‘ining yozgi amfiteatrida Erkin Vohidov she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlardan iborat “Nazm va navo” kechasi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirda nafaqat ijodkorlar, balki keng jamoatchilik vakillari ham qatnashdi. Sevimli san’atkorlarimiz tomonidan kuylangan qo‘shiqlar Erkin Vohidov she’riyati muxlislari qalbiga yanada chuqurroq kirib bordi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Adabiyot – xalqning yuragi” shiori ostida “Adiblar xiyoboni”da o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbirlar doirasida tashkil etilgan adabiy press tur va anjuman, xotira kechasi katta adabiyot bayramiga aylanib ketdi.



Nazokat Usmonova,
O‘zA