Oxirgi daqiqa

Malayziya ishbilarmonlari bilan hamkorlik

Ma’lumki, joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ishtirokida ikki tomon o‘rtasida Malayziyada muzokaralar o‘tkazilgan edi. Hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Malayziya davlatida bo‘lib turibdi. Ular bir qator yirik ishbilarmon doira vakillari bilan jumladan, “MMC Corporation” kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur kompaniya 1911 yilda tashkil qilingan bo‘lib, bugungi kunda portlar va logistika, energetika, qurilish va muhandislik, sanoat industrial rivojlanish sohalariga ixtisoslashgan bir qancha kompaniyalarni o‘z ichiga olgan yirik korporatsiyaga aylangan. Uchrashuv davomida Piskent tumanida 120 gektar yer maydonida sanoat zonasini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, uni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar, faoliyat yuritish istagini bildirgan investorlarga qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan bir qator masalalar muhokama etildi.

Shuningdek, “The Mines Resort and Golf Club” kompaniyasi bilan o‘tgan muzokaralarda Toshkent viloyatida zamonaviy golf klubi va mehmonxona majmuasini qurish loyihasi borasida kelishuvlarga erishildi. Ushbu yirik loyiha uchun 100 gektar atrofida yer maydoni ajratilishi, uni zamonaviy talablar asosida serhasham kurort zonaga aylantirish borasidagi takliflar bildirildi. Bu loyiha uchun taklif etilgan hududlar Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlaridir.

Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari tabiiy shakarni qayta ishlab undan kaloriyasiz granulalar olish loyihasi va vegetarian proteindan go‘sht mahsulotlarni ishlab chiqaradigan kompaniya vakillari bilan ham muloqotlar o‘tkazadi.

A.Musayev, O‘zA