Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti “Mehrli maktab” bilan hamkorlik qiladi

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 martdagi “Gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, gematologiya, onkologiya va klinik immunologiya markazlarida davolanayotgan bolalarga sifatli ta’lim va tarbiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasalari tashkil etilgan.

Jumladan, Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham shunday maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqand shahridagi O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti ushbu maktab bilan inklyuziv ta’lim bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan ilk oliy ta’lim muassasasi bo‘ldi.

Institut rektori Shahzoda Negmatova “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan tanishdi. Dars mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan bolalar bilan muloqot qildi va ularga institut talabalari tomonidan qo‘l mehnati asosida tayyorlangan esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Maktab mas’ullari bilan suhbat jarayonida “Mehrli maktab” va O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning ushbu ta’lim muassasasida amaliyot o‘tashini tashkil etish hamda “Inklyuziv ta’lim. Gospital pedagogikasi” fanini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi va ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari