Fransiyada "O‘zbekiston madaniyat kunlari haftaligi" bo‘lib o‘tadi

Fransiyada "O‘zbekiston madaniyat kunlari haftaligi" bo‘lib o‘tadi

Shu kunlarda Buxoro viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda Buxoro Turizm va madaniy meros texnikumi mutasaddilari Fransiyada tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Fransiyadagi Ruan Normandiya universitetining Evryo shahridagi kampusida delegatsiyamiz a’zolarining universitet rahbariyati bilan uchrashuvi, muzokara va taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.

Evryo shahrida Ruan Normandiya universitetining Turizm va mehmonxona xo‘jaligi fakulteti joylashgan. Ma’lumki, mazkur oliy o‘quv yurti va Buxoro Turizm va madaniy meros texnikumi o‘rtasida hamkorlik aloqalari mavjud.

Tashrif avvalida universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar bilan uchrashuv tashkil qilingan bo‘lib, unda Buxoro viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutasaddilari tomonidan taqdimot o‘tkazildi.

Tashrif davomida Buxoro delegatsiyasini Evryo aglomeratsiyasi prezidenti Gi Lefran janoblari fransuz meriyasida qabul qildi. Gi Lefran ikki tomonlama ta’lim sohasidagi hamkorlikka xayrixohlik bildirib, har tomonlama ko‘mak va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Mazkur tashrif o‘z ichiga ta’lim turizmi yo‘nalishida taqdimotlar, uchrashuv va muzokaralarni o‘z qamrab olgan. Ruanning Evryo shahridagi fakultetida videomuloqot tashkil etildi. Unda universitet rektori, Buxoro delegatsiyasi va Ruan Normandiyaning barcha fakultetlari ishtirok etdi.

Onlayn muloqotda talabalarni tanlab olish, joylashtirish kabi masalalar, universitet rektori Joyel Aleksandr taklifi bilan buxorolik talabalarining Ruan universitetida o‘qishga tezroq kirishib ketishi uchun bu yerda "O‘zbekiston madaniyat kunlari haftaligi"ni o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Ushbu madaniy haftalikka buxorolik talabalar boshchilik qilishadi.

Bundan maqsad, fransuz talabalarini o‘zbek talaba do‘stlarining madaniyati, urf-odati, tili, oshxonasi va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishtirishdir.

O‘z o‘rnida Fransiya tarafidan Ruan Normandiya universiteti tadqiqotchilari Buxoro Turizm va madaniy meros texnikumida ma’lum bir mavzular bo‘yicha, jami 15 yaqin mavzu – Fransiya tarixi, geografiyasi, iqtisodiyoti, sanoati, adabiyoti, san’ati, kino, turizm va qator sohalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazishadi.

Ruan universiteti tadqiqotchilarining bu kabi dasturi Buxoro Turizm va madaniy meros texnikumi talabalarini Ruan universitetida o‘qishini osonlashtirish uchun poydevor yaratib beradi.

O‘zA