Hazrat Navoiyga ehtirom

Hazrat Navoiyga ehtirom

Besh asrkim nazmiiy saroyni,
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig‘i yetmagan joyni,
Qalam bilan oldi Alisher

Andijon davlat universitetida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlanib, «Hazrat Navoiyga ehtirom» deb nomlangan adabiy tadbir talaba yoshlarning she’riy chiqishlari bilan boshlandi.

Universitet o‘qituvchi-professorlari, talabalari ishtirokidagi tadbirda so‘z olgan universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori A’zamjon Hamroqulov, filologiya fakulteti dekani Bahodir Rahmonov va boshqalar tomonidan jahon adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ alloma Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganish, uning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlarini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu aholi, ayniqsa, yoshlarning adabiyotga qiziqishini, qalblarida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.

Navoiy ijodining betakror jihatlari, ulug‘ mutafakkirning yuksak insoniy fazilatlari xususida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

– Navoiyni qancha ko‘p o‘qisak, ijodini qancha chuqur o‘rgansak, uning betakror ijodini shu qadar teranroq anglab boraveramiz, – deydi Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Oqila Abdumannonova.

– bugungi tadbirda ham biz uchun ulug‘ dahoning yangi qirralari bo‘y ko‘rsatdi, ijodiy merosining o‘ziga xos jihatlarini yanada teranroq angladik. Universitetning filologiya va san’atshunoslik fakultetlari talabalari tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, sahna ko‘rinishlari, Navoiyning g‘azalu ruboiylari, shoir g‘azallari asosida ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, ijodkor yoshlar mushoirasi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Tadbirda faol qatnashgan bir guruh talabalar universitet rektorati va kasaba uyushma tashkilotining tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.



F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA