Oxirgi daqiqa

Pokistonliklar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan tanishtirildi

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Pokiston Davlat siyosati oliy maktabi tinglovchilari uchun O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar yakunlari hamda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsadlarning mazmun-mohiyatiga qaratilgan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O‘zbekiston so‘nggi besh yilda Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan har bir yo‘nalish doirasida barqaror o‘sish sur’atlariga erishganligi, eng asosiysi, aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash borasida bir qator hayotiy tashabbuslarning amalga oshirilishi natijasida fuqarolarning turmush farovonligi yuksalayotgan mamlakat sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston tashqi siyosatidagi bosh ustuvor yo‘nalish sanalmish ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritish izchil davom ettirilib, nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida shu bilan birga, boshqa mintaqa davlatlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan ham keng qirrali savdo va iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yilganligiga ham e’tibor qaratildi.

Eng muhimi, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan xalqchil islohotlar uzviy davom ettirilgani, xususan hujjat o‘zida bugungi globallashuv jarayonlaridan kelib chiqqan holda yettita yo‘nalishni jamlaganligi, shu bilan birga har bir yo‘nalishda belgilab berilgan vazifalar yuzta maqsadda aniq belgilab berilganligini ta’kidladi.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining yana bir o‘ziga xosligi, hujjat nafaqat kelgusi besh yillik taraqqiyotni, balki mamlakatning uzoq yillik barqaror strategiyasini belgilab beruvchi ahamiyatga ham ega. Xususan, Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani, MDH, Yevropa Ittifoqi va Amerika mamlakatlari, shuningdek Yaqin, O‘rta Sharq va Afrika mintaqalari davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsad qilingan.

Taqdimot yakunida Eldor Tulyakov ishtirokchilar tomonidan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi yuzasidan, jumladan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar rivojining keyingi bosqichiga qaratilgan savollarga javob berdi.



Fayzullo Yahyoyev, O‘zA