Yaponiyalik mashhur arxitektor Tadao Ando O‘zbekistonda yangi muzey quradi

Yaponiyalik mashhur arxitektor Tadao Ando O‘zbekistonda yangi muzey quradi

O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi yangi binosining muhandislik va rejalashtirish yechimlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar qilmoqda.

Aytish kerakki, bugungi kunda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi yangi binosining qurilish loyihasini ishlab chiqmoqda.

Muzey poytaxtimizdagi Abulqosim madrasasi, "Xalqlar do‘stligi" saroyi hamda Alisher Navoiy haykali o‘rtasidagi maydonda barpo etiladi.

Muzey binosining me’moriy konsepsiyasi yaponiyalik mashhur arxitektor Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Bosh loyihasi sifatida esa Germaniyaning “Atelier Brückner GmbH” me’moriy byurosi ishtirok etmoqda.

Taqdimot doirasida “Atelier Brückner” me’morchilik byurosi mutaxassislari tomonidan ob’ektning bosh rejasi , turli maqsadlarga mo‘ljallangan maydonlarining muhandislik va rejalashtirish yechimlari taqdim etildi.

Shuningdek, muzey loyihasini ishlab chiqishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanishga alohida urg‘u berilayotgani ta’kidlandi.

Davlat san’at muzeyi yangi binosi loyihasining to‘liq taqdimoti 2022 yilning aprel oyida o‘tkaziladi. Qurilish ishlari 2023 yilda tugallanishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari Samarqanddagi Ipak yo‘li muzeyining dastlabki konsepsiyasi ham taqdim etildi. U Universitet xiyobonida joylashgan bo‘ladi. Muzey ekspozitsiyasi Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun buyuk ipak yo‘lining tarixi va ahamiyatini namoyish etadi.



O‘zA