2024 yil 26 sentyabr kuni Londondagi Britaniya muzeyi ko‘rgazmalar galereyasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining “Ipak yo‘llari” ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi.
Unda O‘zbekistonning muzey kolleksiyalariga mansub eng sara 14 ta eksponat namoyish etiladi.
Mazkur namoyish oldidan, kecha – 11 sentyabr kuni London shahrida joylashgan Kolizey sahnasida taniqli bastakor va pianinochi Kirill Rihterning “Vaqt qumlari” multimedia tomoshasi Britaniya premerasi ham o‘tkazildi.
Jamg‘arma tashabbusi bilan taqdim etilgan ushbu maftunkor va betakror tadbir musiqa, she’riyat, vizual va video qurilmalarni o‘zida jamlab, butun maydonni jonli, doimo o‘zgarib turadigan san’at asariga aylantirdi.
Dasturda ijodkorning tanlangan asarlari, jumladan, uning “Chronos” debyut albomidan parchalar, shuningdek, FIFA jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlari uchun yozilgan madhiyalari yangradi.
14 sentyabr kuni 19:00 da Kolizey sahnasida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etiladi.
O‘zAni kuzatib boring, batafsil axborotlar taqdim etamiz.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA