Navoiy viloyatining 7 mo‘’jizasi haqida bilasizmi?

Navoiy viloyatining 7 mo‘’jizasi haqida bilasizmi?

Ona tabiat in’omi bo‘lgan yoki inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘’jizalar dunyoda talaygina. O‘zbekistonda ham ko‘plab jahon tarixida muhim o‘rin tutuvchi inshootlar va hayratlanarli manzillar oz emas. Xususan, quyida Navoiy viloyatida ham sayohat qilib, borib ko‘rishga loyiq maskanlardan 7 tasi xususida ma’lumot beramiz.

1. Tosho‘rmon paleontologik yodgorligi

O‘ttiz million gektar maydonni egallab yotgan Qizilqum kengliklari o‘rnida bundan bir necha million yillar ilgari Tetis dengizi mavjlanib turgan, degan taxminlar mavjud. Negaki, hozir ham Mingbuloq ovuli atrofida tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, hatto o‘rdakburun dinozavrning toshga aylangan suyaklari topilgan.

Mingbuloq ovulidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Jiraquduq darasidagi bundan 95-100 million yil avval mavjud bo‘lgan Tosho‘rmon deb ataluvchi noyob geologik, paleontologik, tarixiy va tabiiy ob’ekt dunyo olimlarini hamon o‘ziga jalb qilmoqda.

Paleontolog olim, professor Jeyms Devid Archibald rahbarligidagi O‘zbekiston, Rossiya, Buyuk Britaniya, Amerika va Kanada davlatlari hamkorligida (2000-2006 yillarda) faoliyat yuritgan Xalqaro ekspeditsiya sa’y-harakatlari bilan Qizilqum tabiatining bunday noyob mo‘’jizasi to‘g‘risida ko‘pchilik xabardor bo‘ldi.

Bu mo‘’jiza Tetis dengizi qirg‘oqlari va unga kelib tushgan meteoritlar bilan bog‘liq degan taxminlar bor. Aytishlaricha, koinotdan yerga meteoritlarning qulashi natijasida dengiz suvi parchalanib, bu yerlar yuz yillar davomida quyosh nuridan panada – chang va to‘zon girdobida qoladi. Natijada barcha fizik jinslar kimyoviy tarzda qorishib dengiz atrofidagi o‘rmonzorlar, suvda va quruqlikda yashagan hayvonlar o‘zga bir shaklga, ya’ni toshga aylanadi.

Haqiqatdan ham Tosho‘rmon hududida bo‘lgan kishi tarixiy-tabiiy manzarani: tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va skeleti suyaklari, daraxt tanalari, hattoki, o‘rdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarini ham ko‘rish mumkin. Bularning barchasi Qizilqum hududi qachonlardir okeanning bir bo‘lagi bo‘lganligidan dalolat beradi.

2. Nurota chashmasi

Qadimdan Nur chashmasidan oqib chiqqan suv ikki ariqqa – Obi rosta va Obi chappaga bo‘lingan. Obi rosta bozor joyda yana ikki ariqqa – Marg‘i Mirshakar, Marg‘i Mirgadoga bo‘lingan. Nurota chashmasining suvi minglab kilometr yerosti yo‘laklaridan soniyasiga 290 litr miqdorida oqib chiqadi. Chashma suvi qishin-yozin bir xil — 19,5 daraja iliq bo‘ladi. Ming yillar davomida oqib turgan chashmaning muzlashi hech kuzatilmagan, u minerallashgan yumshoq ichimlik suvidir. Aniqlanishicha, mazkur suvning tarkibida oltin moddasi bor, u oshqozon-ichak xastaliklariga davo. Suvdagi yod moddasi bo‘qoq kasalligiga, noyob brom moddasi esa asab kasalliklariga shifo ekanligi qadimdan ma’lum. Uning tarkibidagi kumush eritmasi esa suv tarkibi yaxshi saqlanishini ta’minlaydi.

Chashma suvining 80 foizi yer qa’ridan chiqib tursa, qolgan 20 foizi yerosti yo‘laklaridan va quduq tomonidan kelib butun shaharga hayot baxsh etadi. Mazkur chashmadan tarixda eng ko‘pi soniyasiga 460 litrgacha suv chiqqan bo‘lsa, qurg‘oqchilik yillari eng kami soniyasiga 180 litr suv chiqqan.

Nurota chashmasining baliqlari tog‘ daryolarida uchraydi, fan tilida sutbaliq, ya’ni daryo marinkasi deb ataladi. Mazkur baliqlar o‘rtacha 17 yil yashab, umri davomida chashma suvi chiqadigan ariqchalarni qumlardan tozalaydi, suvning mo‘’tadil kelishini ta’minlab, hatto uni filtrlab beradi.

Qizig‘i shundaki, baliqlar hech qanday tashqi ozuqasiz, suv tarkibidagi mikroorganizmlar va minerallardan oziqlanib yashayveradi. Shu bois o‘tmishda ba’zilar ularni «avliyobaliq» deb ham atashgan.

3. Sarmishsoy petrogliflari

Bugungi kunda O‘zbekistonning tog‘lik va tog‘oldi hududlaridan 100 dan ortiq qadimiy qoyatosh suratlari bo‘lgan joylar mavjud. Shulardan biri – Sarmishsoy qoyatosh yodgorligining mazmuni, mavzusi, uslub xususiyatlari va tuzilishiga ko‘ra rang-barangligi dunyoda e’tirof etilgan.

Yetti ming yillik tarixni o‘z bag‘rida asrab kelayotgan Sarmishsoyda taxminan o‘n mingdan ortiq noyob qoyatosh bitiklari bor. Tarixchi olimlar va arxeologlarning fikricha, qoyatosh suratlari qadimgi davrdagi insonlar hayotining bir qismini aks ettirgan. Suratlarda asosan «Hayvon uslub» deb atalmish skif-sak massagetlarining tasviriy san’atida ifodalangan qoplon, pantera, gepard, bezon, yo‘lbars kabi «kuch timsoli» hisoblangan hayvonlar tasvirlangan. Shuningdek, ko‘proq daryo bo‘yi va to‘qayzorlarda hayot kechiradigan «mushuksimonlar» oilasiga mansub, ibtidoiy ovchilar uchun qimmatli bo‘lgan ov qilish jarayonlari hamda «o‘yinchilar» guruhiga oid turli uslubdagi bosh kiyimlar kiygan insonlar qiyofasi va turli xil marosimlar mohirona chizilgan. Bundan tashqari «osmoniy otlar» ifodalangan qoyatosh suratlari har qanday kishini o‘ziga rom etmay qo‘ymaydi. Bu suratlar qadimda bu yerlarda ot boqishning rivojlangan hududlardan biri deb ehtimol qilishga imkon beradi.

Neolit davrida Qizilqumda yashagan kaltaminor madaniyatiga taalluqli ovchi va baliqchi urug‘larining ba’zi birlari Sarmishsoyga kelib joylashgan. Ular bu yerda ov qilish bilan bir qatorda asta-sekin chorvachilikka asos solishgan. Bu haqda bizga Sarmishsoydan topilgan 4000 dan ortiq bo‘lgan insonlar rasmi — petrogliflar guvohlik beradi.

4. Kanpirak devori

O‘rta Osiyo mudofaa istehkomlari me’morchiligining nodir namunasi hisoblangan «Kampirdevol»ning sharq tomoni Karmana tumani markazi chegarasidagi Qoratog‘ o‘ngirlaridan boshlanib, Zarafshon chap qirg‘og‘i bo‘ylab sharq-g‘arb tomonga yo‘nalgan. Kanpirak devori Qiziltepa tumanining shimoli-sharqiy, janubi-g‘arbiy tomonidagi mavzelarda yer sathi tepasidan aniq ko‘rinib turuvchi, uzoq masofalarga cho‘zilib ketgan sun’iy tuproq qo‘rg‘on qoldiqlari bo‘lib, Abu Muslim kanalining chap qirg‘og‘i bo‘ylab Qiziltepa yodgorligi tomon yo‘nalishini davom ettiradi va undan janubi-g‘arbga, so‘ngra janubga yo‘nalib, Kogon tumanining janubi-sharqiy qismida o‘z nihoyasiga yetadi.

Arxeolog va tarixchilar «voha devori», deb nom bergan Kanpirak devori nafaqat alohida joylashgan bir turkum shahar va qishloqlar mudofaasi uchun, balki ulkan madaniy hudud, butun bir voha mudofaasi maqsadlari yo‘lida xizmat qilgan. U o‘zining me’yoriy qurilish usullari bilan jahonga mashhur Buyuk Xitoy devorini eslatadi. Samarqand shahri va uning atrofini o‘rab turgan Qiyomat devori (Devori Qiyomat) ham unga o‘xshash.

Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida Kanpirak devori 782-831 yillarda qurilganligi yozilgan. Arab tarixchisi va sayyohi Mas’udiy (956 yili vafot etgan) yozishicha, Kanpirak devori qadimgi sug‘d podsholari zamonida (V–VI asrlar) bino qilingan. O‘zbekiston tarixi fanida Kanpir devor (devori Kanpirak) atamasi O‘rta Osiyo dehqonchilik vohalarini ko‘chmanchilar hujumidan himoya etish maqsadida barpo etilgan mudofaa inshootlarining tizimini anglatadi. Gap shundaki, Mas’udiy xabar qilgan dastlabki ko‘hna devor uzunligi 336 km. bo‘lgan. Qadimgi sug‘d vohasini o‘rab olgan ikkinchi Kanpirak devori VIII asr oxiri IX asr boshlarida barpo etilgan bo‘lib, uzunligi 120 km. Kanpirak devori Buxoroning V–VI asrlardagi chegaralarini aniqlab beruvchi yagona inshoot sifatida qadrlanadi. Bu ulkan hudud o‘sha davrda eng an’anaviy, mumtoz davlatchilik kurtaklari mavjud bo‘lgan yirik madaniy o‘lka sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Turk xoqonligi davrida garchand xoqonlikning zodagonlar qismi cho‘ldasht hududlarida yashagan bo‘lsada, sug‘diy aholi va ko‘chmanchilar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik aloqalarini o‘rnatishgan, savdo-sotiq rivojlangan. Bu davrda hozirgi O‘zbekiston va O‘rta Osiyo hududidagi 15 ga yaqin katta-kichik davlatlar (Buxorxudotlar podsholigi, Vardonxudotlar podsholigi, Samarqand sug‘di va boshqalar) xoqonlikka rasman bo‘ysundirilib, boj-xiroj to‘lashgan. Turk xoqonligi savdo-sotiqdan, ayniqsa, ipak savdosidan katta foyda ko‘rgani uchun sug‘d savdogarlariga, hatto, uzoq o‘lkalarda savdo qilish uchun sharoit yaratib berishgan. Bu holat natijasida Kanpirak devori ahamiyatini yo‘qotib, xarobaga aylangan. VII asr oxirgi choragi va VIII asr boshlarida Turon hududiga arab bosqini istilochilik yurishi amalga oshdi, aholini islomlashtirish boshlandi. Ana shuning uchun islomni qabul qilgan aholi bilan cho‘l-dasht hududidagi islomni qabul qilmagan aholi o‘rtasida qarama-qarshilik kuchayganidan Kanpirak devoriga yana ehtiyoj paydo bo‘ladi va u qayta tiklanadi. 819 yilda Movarounnahr va Xurosonda somoniylar sulolasi hokimiyat tepasiga keladi.

Arab xalifaligidan mustaqil faoliyat ko‘rsatgan Somoniylar davlatiga 874 yilda Ismoil Somoniy asos soladi. O‘zining qudrati, ma’naviy-ma’rifiy hayotdagi o‘rni bilan mashhur bo‘lgan bu davlat hukmdori Ismoil Somoniy «To men tirik ekanman, Buxoroning devori men bo‘laman», deydi. U haqiqatan ham xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, tinchlik rishtalarini mustahkamlaganidan o‘zaro urush va kelishmovchiliklar barham topadi. Kanpirak devoriga ehtiyoj ham qolmaydi. U tamoman xarobaga aylanadi.

Ayni vaqtda Kanpirak devori qoldiqlari Qiziltepa va Karmana tumanlarida yaxshi saqlanib qolgan.

5. Aydarko‘l

Bir qismi Nurota va Konimex tumanlari hududi bilan chegaradosh Aydarko‘lning paydo bo‘lish tarixi juda qiziq: gap shundaki, o‘tgan asrning o‘rtalariga qadar ko‘l o‘rni quruq yer bo‘lgan. Bahorda esa bu yerda Tuzkon ko‘li hosil bo‘lib, kunlar isishi bilan bug‘lanib ketardi. Shu vaqtda suv sathini nazorat qiluvchi shlyuzli Chordara GESi qurilgan. GESga suv Sirdaryodan kelib tushgan, biroq 1969 yildan 1970 yilga qadar GES suv mo‘lligidan tosha boshlagan va to‘g‘on o‘pirilishining oldini olish uchun shlyuzlar ozgina ochilgan.

Natijada, suv Arnasoy pasttekisligiga oqa boshlab, keyinchalik Aydarko‘l hosil bo‘lgan. Ko‘l ko‘plab mayda ariqlarni birlashtiradi va Orol dengizidan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi O‘zbekistondagi sho‘r ko‘l sanaladi. Aslida bu ko‘lni «O‘zbek dengizi», deb atash mumkin. Ko‘lning uzunligi sharqdan g‘arbga tomon 280–300 kilometrga cho‘zilib ketgan bo‘lib, eni markaziy qismidan shimoldan janubga tomon 30–35 kilometr masofaga yastanib yotibdi. Ko‘lning umumiy maydoni 3000 ming kvadrat kilometr bo‘lib, havzada deyarli 10 milliard kub metr suv to‘plangan. bugungi kunda ko‘l yuzasi 4000 kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Ko‘lami jihatidan Aydarko‘lni dunyo suv havzalari bilan taqqoslasak, masalan, Vengriyaning eng katta ko‘li – «Venger dengizi» – Balaton ko‘li (maydoni 596 kvadrat kilometr) va mashhur Jeneva ko‘li (582 kvadrat kilometr)dan Aydarko‘l maydoni 5 marta katta yoki Yaponiyaning eng katta ko‘li Biva(716 kvadrat kilometr)dan 4 marta katta maydonni egallaydi. Aydarko‘l qirg‘oq chizig‘ining umumiy uzunligi taxminan 1000 kilometrni tashkil etadi.

Bu ulkan suv havzasining vujudga kelishi bilan asosan cho‘l zonasi bo‘lgan Arnasoy botig‘ida yangi manzara, yangi-yangi tabiiy landshaftlar paydo bo‘ldi. Ularda o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi shakllanib, ko‘payib bormoqda. Jumladan, ko‘l suvlarida ko‘plab baliq turlari va boshqa suv jonivorlari soni ortmoqda, ular bilan bog‘liq holda juda ko‘plab suv qushlari dastlabki yillarda faqat qishlab qolishgan bo‘lsa, endilikda yil bo‘yi shu yerda yashovchi ko‘plab qushlarni uchratish mumkin.

6. To‘dako‘l suv ombori

To‘dako‘l suv ombori Buxoro shahridan 26 kilometr sharqdagi tabiiy soylikda, Quyimozor suv omborining janubi-g‘arbida – Qiziltepa tumani hududida 1968 yilda barpo etilgan. Ko‘lning suv sig‘imi 800 million m3. Suv yuzasining maydoni 17,5 km2, o‘rtacha chuqurligi 4,8 metrni tashkil etadi. Bu yer Amu–Buxoro mashina kanali orqali Amudaryo suvidan to‘ldiriladi. Amu–Buxoro mashina kanalidan suv oluvchi yerlarni qo‘shimcha suv bilan ta’minlaydi. Tutashtiruvchi kanal orqali Quyimozor suv omboriga suv beradi. To‘dako‘l suv ombori suvi qisman minerallashgan. Ko‘lda baliqchilik rivojlangan. Ko‘l hududida O‘zbekiston–Eron hamkorligida intensiv baliqchilik sohasi rivojlantirilmoqda.

Tabiat va inson mo‘’jizasi bo‘lgan To‘dako‘l manzaralari haqiqatan kishini lol qoldiradi.

7. Fozilmon ko‘li

Nurota tabiati o‘ziga xos. Tog‘lar, soylar, bepoyon adirlar, ko‘llar – tabiatning eng nodir «san’at namunalari»ning barchasi bu hududda jamuljam. Shulardan biri Fozilmon ko‘li. Bu ko‘lni «Sentobko‘l», deb ham atashadi. Tog‘lar orasida joylashgan mazkur tabiat in’omi dengiz sathidan 1644 metr balandlikda, suvi chuchuk. Ko‘lning uzunligi 300 metr, eni esa 50 metrni tashkil etadi. Chuqurligi 1,5 metrgacha boradi. Ushbu ko‘l faqatgina buloq hamda mavsumiy yomg‘ir va qor suvlari bilan to‘ladi. Ko‘lning flora-fauna olami xilma-xil bo‘lib, hayot tarzi yovvoyilashgan ot, kulrang g‘oz, yumronqoziq, ko‘l baqasi hamda shirmohi baliqlardan iborat. Aynan shirmohi baliqlarning ham bu yerda borligi, yer ostidagi chashma suvlari ham Fozilmonning suv manbai ekanligini ko‘rsatadi. Sababi, Nurota «Chashma»sida uchraydigan shirmohi baliqlarning bu yerga kelib qolishi tasodif emas. Shuningdek, shu atrofdan uchib o‘tuvchi qushlar uchun mazkur keng maydon qishlashga juda qulay.

Shu bois, qish oylarida bu yerda turli yovvoyi qushlarni ham uchratish mumkin. Qish-qirovli kunlarda ko‘l yuzasi qalin muz bilan qoplanadi. Bahor kelishi bilan o‘t-o‘lanlar unib chiqib, atrofni yam-yashil gilam qoplaydi, go‘yo. Suv o‘tlari o‘sib chiqib, ko‘lning zumrad jozibasi yana o‘zgacha qiyofa kasb etadi. Yozning issiq kunlarida esa ko‘lning suv sathi biroz pasayadi. Fozilmon ko‘liga Sentobsoy orqali faqatgina piyoda yoki eshakda (otning yurishi qiyin) borish mumkin, xolos. Ertalab yo‘lga chiqqan kishi tushgacha yetib bora oladi. Yana shuncha yo‘l bosib ortga qaytish mumkin. Bu degani, Fozilmonni ko‘rish uchun kamida bir kun kerak. Sentobliklarning aytishicha, Fozilmon ko‘liga qadar qirqta tog‘ va qirqta jarlikdan o‘tish kerak. Albatta, yo‘l mashaqqati og‘ir. Ammo, tabiatning mo‘’jizasini ko‘rib, asl go‘zallikdan bahra olsangiz vujudingizni egallagan charchoq sizni bir zumda tark etadi. Qay bir faslda bormang, Fozilmon sizni o‘zgacha bir shukuh, go‘zallik, sirlilik bilan qarshi oladi.

Ozod MUSTAFOEV, jurnalist

O‘zA fotomuxbiri

Siroj ASLONOV olgan suratlar.