Uloq ko‘pkari – mardu maydonlar bahsi

Uloq ko‘pkari – mardu maydonlar bahsi

Ey odamlariy, odamlar, eshitmadim demanglar! Bugun qishloq chetidagi dalada Jamshid polvon o‘g‘lining sunnat to‘yi munosabati bilan katta ko‘pkari beryapti. Yurtimizning barcha hududlaridan taniqli chavondozlar, chopag‘onlikda tengsiz dongdor otlar qatnashadi...

Jarchining ushbu e’lonidan keyin qishloqdagi yoshu qari tomoshaga otlanadi. Maydon yaqqol ko‘rinadigan joyni egallashga harakat qiladi.

Ko‘pkarini oriyat bahsi, mardlar kurashi deyishadi. Shu boisdan xalqimizning qanday yaxshi kuni, to‘yu bayrami bo‘lmasin, uloq ko‘pkarisiz o‘tmagan. Xizmat safari bilan yurarkanmiz, Qarshi tumanining Poshton qishlog‘i kengliklarida o‘tkazilayotgan ko‘pkariga guvoh bo‘ldik. avvalidagi shunchaki tomoshatalabligimiz keyinchalik musobaqani ot ustida kuzatishga majbur qildi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.

Otlarning pishqirishi, tuyoqlar dupuri, chavandozlarning shiddatli qiyofasi, bakovulning hayqirig‘i, son-sanoqsiz tomoshabinlarning qiy chuviga to‘lgan maydon zavqi. Bu zavqni tuyish, jo‘shqinlikni his qilish uchun bir bor bo‘lsa-da, ko‘pkariga borish, kishi uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Davraga tashlangan uloqni belgilangan manzilga olib borib tashlash uchun chavondozlar otini qamchilaydi. Qamchi zarbidan yag‘ri qizarib ketgan ot bor kuchi bilan to‘daga o‘zini uradi. Avval uloqni yerdan taqimga olish kerak. Bu chavondozning mahoratiga bog‘liq. Uloqni qo‘lga olganda ish bitmaydi, boisi atrofdagilar ham unga tashlanadi. Uloq talashishning shiddati qo‘yilgan zotga ham bog‘liq. Agar zot qimmatroq bo‘lsa, unda talabgorlar soni ortib ketadi va kurash ham murosasiz bo‘ladi.

Xalqda jo‘mard chavandozlar o‘z oriyatini elning g‘ururiga bag‘ishlaydi, degan gaplar bor. Ko‘pkarini kuzatarkansiz, g‘olib chiqqan chavandoz o‘z eli nomi bilan e’lon qilinishiga guvoh bo‘lasiz.

– 35 yildan beri ot chopaman. Bizdan oldin ham ota-bobolarimiz ot chopishgan, – deydi dehqonobodlik Nortoji Toshtemirov. – Bizga ota-bobomizdan urf-odat bo‘lib qolgan chavondozlik. Mardlar o‘yini bu. Ko‘rayapsiz mana 60-70 kilogrammlik takalarni egarga olib halollab, yakkalab ayirib chiqish kerak. Necha yillardan beri muxlislarimiz ko‘p.

Tuyoqlar zarbidan maydonni qoplagan chang to‘zon orasidan otining taqimiga uloqni ilib, to‘dani yorib chiqqan chavandozning rag‘bati aniq. Biroq chavandoz rag‘bat uchun maydonga ot solmaydi. Mavsum boshlanayotganidan darak berib turgan ushbu ko‘pkarida to‘daga ot solgan chavandozlar buni yana bir karra isbotlashdi.

Bir ko‘pkari musobaqsida kamida 10 bosh qo‘chqor, 10 bosh xo‘kiz, tuya, toy va yana boshqa pullik zotlar qo‘yiladi. Uloqni ayirib chiqqan ot va chavondozlar dovrug‘i el o‘rtasida mashhur bo‘ladi. Har musobaqada ularga alohida hurmat e’tibor ko‘rsatiladi. Shu kuni maydonda navqiron yoshlardan tortib, tajribali chavandozlar ham uloq talashdi. Haqiqiy boychiborlar o‘zini ko‘rsatdi. Ko‘pkarini kuzatarkanmiz, ota-bobolarimizning mardu maydonlik, jasorat, epchillik kabi xislatlarini o‘zida ifoda etuvchi ko‘pkari musobaqalari yoshlarimizda jasurlik, uddaburonlik, chaqqonlik va halollik fazilatlarini kamol toptirishda hayot maktabi vazifasini o‘tayotganiga yana bir bor amin bo‘ldik. Binobarin, ko‘pkari chinakam oriyatli g‘ururi baland o‘zbek yigitlarining mardlik timsoli bo‘lib qolaveradi.

Ta’kidlash lozimki, ot qadim-qadimdan turkiy xalqlar orasida juda qadrlangan. O‘g‘il bolalar, ko‘p hollarda qizlar ham bolalikdan ot minib ulg‘aygan. O‘tmishimizda otda mohirona harakatlanib, yovga qarshi beayov janglarda g‘alabaga erishgan. Bunga shonli tariximiz guvoh. Mana shunday hayotida ot muhim rol tutgan xalqlar o‘rtasida turli xil musobaqa va o‘yinlar paydo bo‘lgan. Mana shunday o‘yinlardan biri uloq-ko‘pkaridir. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu o‘yin O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy ommaviy, milliy o‘yinlaridan biri. Asosan, g‘alaba va hosil bayramlari, to‘y va sayillar munosabati bilan o‘tkazilgan.

Hukmdor va har xil amaldorlardan tashqari o‘ziga to‘q odamlar, hatto oddiy aholi ham uloq o‘yinlarini tashkil etgan. Ko‘proq xatna (chipron) to‘ylarida rasm bo‘lgan. Uloq turkiy xalqlar, ayniqsa, uning qo‘ng‘irot, qurama, ming, mang‘it, oyrat, yoyilma, kenegas, qipchoq, barlos kabi urug‘lari orasida ommalashgan. Uloq tomoshalari oldidan maxsus jarchilar qishloq, ovullarga yuborilib, odamlar gavjum joylarda, bozorlarda Uloq kim tomonidan, qayerda, qachon va nima maqsadda o‘tkazilayotganligini hamda qo‘yiladigan sovrinlarni e’lon qilgan. Turli joyda har xil qoida bo‘yicha (chortoq, sudratma, marra, poyga, pakka, minbar va boshqa nomlar bilan atalgan) Uloq o‘yini uyushtirilgan. Uloq ko‘ngilochar tomosha yoki shunchaki o‘yin bo‘lmasdan o‘g‘il bolalar, yigitlarni mard, jasur, epchil, dovyurak qilib tarbiyalash vazifasini bajargan. Uloq o‘yinlari ot naslini yaxshilashga, chidamli, tez harakat qiladigan zotlarini ko‘paytirishga yordam qilgan. Qorabayir, arabi, axaltekin, qurama, laqay, kustanay, qorabog‘ va Orlov ot zotlari Uloqchi otlar hisoblanadi.

bugungi kunda chorva uchun yaylovlar kamayib, ot parvarishlash mashaqqatga aylanib qolgan bo‘lsada, otga mehr qo‘ygan vatandoshlarimiz talaygina va ular tufayli bugungi kunga qadar, zotdor otlar parvarishlanib kelinmoqda va xalqimizning azalliy an’analaridan biriga aylanib ulgurgan uloq-ko‘pkari musobaqalari davom etib kelmoqda.

O‘lmas Barotov,
O‘zA Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA