Toshkent davlat agrar universiteti hamda Germaniyaning “JAS-Vermittlung” kompaniyasi vakillari o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda qayd etilishicha, Toshkent davlat agrar universiteti va “JAS-Vermittlung” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.
Mutaxassislar “JAS-Vermittlung” kompaniyasi mutasaddilari tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti talabalari uchun Germaniyada ta’lim, amaliyot va xalqaro dasturlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini qayd etdi.
Shuningdek, universitet prorektori S.Islomov bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilishi kerakligi hamda talabalarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi bilimlarini chet el tajribalari asosida boyitilishi davr talabi ekanligini ta’kidladi.

Tadbir doirasida kompaniya va universitet o‘rtasida o‘zaro ikki tomonlama shartnoma imzolandi.
Shartnomaga ko‘ra, har yili talabalar bilim olishi uchun kompaniya tomonidan “JAS-Vermittlung” TDAU talabalarini Germaniyada amaliyot-ish-sayohat dasturlarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Dasturlarda TDAU talabalari Germaniyaga amaliyot va ta’tilga ish loyihalari doirasida yuborilishi ko‘zda tutilgan. Talabalar soni (yiliga kamida 100 nafar) har yili o‘zaro kelishuvlar asosida belgilanadi. Ikkinchi va uchinchi kurs talabalari uchun ta’til ishi (ish va sayohat). Semestr uch oy davom etadi. Uchinchi semestrda talabalar uchun majburiy amaliyot ham uch oyga mo‘ljallandi. Amaliyot muddati amal qilish muddatiga muvofiq belgilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA