Oxirgi daqiqa

Efiopiyada ko‘pchilik O‘zbekistonga sayohat qilishni istaydi

Samarqand shahrida BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi mamlakatimiz tarixidagi muhim voqealardan biriga aylanmoqda, desak bo‘ladi.

E’tiborli tomoni, ushbu xalqaro tadbirda 140 ta davlatdan kelgan delegatlar, turizm vazirlari va turizm ma’muriyatlari rahbarlari, shuningdek, xalqaro va mahalliy OAV vakillari ishtirok etishdi.

O‘zA muxbiri mazkur nufuzli yig‘inda ishtirok etgan xorijiy delegatsiya vakillarining forum haqidagi taassurotlari bilan qiziqdi.

– BMT Butunjahon turizm tashkilotining Samarqanddagi yubiley 25-sessiyasi avvalgi o‘tgan sessiyalardan farqli jihati, O‘zbekistonda investitsiya forumi va turizm ta’limiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilganidir, - deydi efiopiyalik delegatsiya vakili Lelise Duga Jebessa. – Ayniqsa, kecha bo‘lib o‘tgan ta’lim forumining ahamiyati juda katta. Sababi, mazkur forum orqali sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yuqori darajaga olib chiqish ko‘zlangan va bu yo‘lda mutaxassislar tayyorlashni dastlab boshlang‘ich va o‘rta maktablar, undan so‘ng oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan. Bilasizmi, Efiopiyada yurtingiz haqida juda oz odam biladi, ammo O‘zbekiston haqida ma’lumotga ega odamlar bu yerga sayohat qilishni juda istaydi.

– Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari doimo ijobiy tendensiyada rivojlangan, - deya fikr bildirdi Xitoydagi “Hungling” kompaniyasi menejeri Jinzong Kao. – Bugungi kunda ham ikki mamlakat o‘rtasida yuksak ishonch va mustahkam do‘stlik munosabatlari asosida har tomonlama aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, “Bir makon – bir yo‘l” dasturi doirasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, deb aytish mumkin.