Oxirgi daqiqa

Toshkent xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo‘lib o‘tmoqda

Insoniyatni tashvishga solayotgan global muammolar qatoriga – kiberjinoyatlar ham qo‘shildi. Bir qarashda beozor ko‘ringan, ya’ni sog‘liqqa bevosita putur yetkazmaydigan, qon to‘kmaydigan kiberjinoyatchilar sodda odamlarni bor-yo‘g‘idan ayirish, moliya tarmoqlarini kuchsizlantirish kabi qo‘pol harakatlarni zimdan amalga oshirmoqda.

Bundan tashqari, virusli dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, internet orqali qonunga zid axborotlar, xususan, bo‘hton, ma’naviy buzuq ma’lumotlarni tarqatish bilan bashariyat hayotiga katta xavf sola boshladi.

Eng yomoni, kiberterrorizm ham paydo bo‘lib, uning odamlar hayotiga solayotgan xavfining ko‘lami ham oshib borayotir.

Jahon hamjamiyatiga integratsiyalashayotgan mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, axborot tizimlari va zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha izchil davlat siyosati olib borilmoqda. Kiberjinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashishda vakolatli davlat idoralari xalqaro hamkorlikni ham keng yo‘lga qo‘ygan.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevroosiyo, CSS - 2023” II Xalqaro kiberxavfsizlik sammitida shu haqda so‘z yuritildi.

“Kiberxavfsizlik markazi” va “Dialogue Events” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro tadbirda 24 mamlakatdan 130 kompaniya, aniqrog‘i 250 dan ortiq delegat ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun: Ummon, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya, Yaponiya, Turkmaniston, Qozog‘iston kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning tartibga soluvchi organlari va xalqaro tashkilotlar - Xalqaro elektraloqa ittifoqi, FIRST, OIC-CERT ishtirok etmoqda.

“CSS – 2023” konferensiyasi direktori Yuliya Romanenko tadbirning asosiy maqsadi mintaqaviy kiberhamjamiyat uchun o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy yechimlarni namoyish etish, eng muhimi, o‘zaro manfaatli asosda yangi imkoniyatlarni ochish uchun yuqori darajadagi xalqaro interaktiv platforma yaratishdan iboratligini qayd etdi.

Sammitda Markaziy Yevroosiyo davlatlaridan kelgan malakali ekspertlar sohaning hozirgi holati hamda undagi muammolarning samarali yechimi haqida fikrlar bildirdi.

Tadbir dasturi doirasida yalpi muhokamalar, taqdimot sessiyalari o‘tkazildi. Ko‘rgazma maydoni va bir qator qiziqarli tarmoq tadbirlari ishtirokchilarga texnologiyalar va yechimlarni samarali, foydali tarzda namoyish etish hamda yangi biznes aloqalarini yaratish imkonini beradi.

Sammitning yuqori darajali qaror qabul qiluvchilar, kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlar auditoriyasi dinamik global xavf-xatar manzarasini va mintaqa mamlakatlariga raqamlashtirish orqali taqdim etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlardan to‘liq foydalanishda qanday yordam berishi mumkinligini o‘rganmoqda.

Sammit ertaga o‘z ishini davom ettiradi. Tadbir doirasida “Cyberkent” respublika tanlovi ham bo‘lib o‘tadi.

N.Abduraimova, O‘zA