O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga o‘ttiz yildan oshdi. 1992 yil 19 fevral sanasi ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgan kun sifatida tarix zarvaraqlariga bitilgan edi.
O‘zaro munosabatlar tarixi shuni ko‘rsatadiki, AQSH O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 25 dekabrda birinchilar qatorida tan olgan eng ishonchli hamkorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Dastlab 1992 yil martda Toshkentda AQSH elchixonasi ochilgan. 2002 yilning martida Vashingtonda tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH prezidentlari Strategik hamkorlik haqida deklaratsiyani imzolagan.
2018 yil 15-17 may kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga birinchi rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi va uning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangani haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi. Shundan buyon ko‘plab sohalarda tashqi-iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
Amerika kengashi AQSHda ta’lim olishni xohlovchilar uchun turli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish orqali xalqaro aloqalarni kuchaytirish yuzasidan bir qator dasturlarni joriy qilib kelmoqda. Misol uchun, 2018 yili Amerikaning Toshkentdagi ofisi qayta ochildi va hozirda mamlakatda “Future liders exchange” (FLEX), “American Windows”, “Uzbekistan Business Leaders” (UBL) va Markaziy Osiyo universitetlari hamkorlik dasturi (UNiCEN) kabi 13 ta dasturdan iborat turli xil portfelni boshqarib kelmoqda.
Joriy yil 28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk tashrifi doirasida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu olib borilayotgan barcha sa’y-harakatlar ta’lim istiqbollari uchun ham manfaatli xizmat qilishi shubhasiz.
Ishonchli ta’lim...
Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi kun sayin o‘zining natijasini bermoqda. Jumladan, O‘zbekistondagi qator oliy ta’lim muassasalari J.Xopkins universiteti, Vashington, Indiana, Kaliforniya, Ogayo va boshqa bir qancha oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalar o‘rnatgan. Ta’kidlash joizki, 2019 yil sentyabr oyida Toshkentda Vebster universitetining filiali ochildi. Bu MDH mamlakatlaridagi Amerika universitetining birinchi to‘laqonli filiali bo‘ldi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda hozirda 140 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba AQSHda tahsil olmoqda.
– Amerikaga kelgan kishi kim bo‘lishdan qat’i nazar, boshida atrof-muhitga moslashish, munosib ish topish jarayoni biroz qiyin kechadi. Boshida Florida shtatida yashab, ishlaganman. Dastlab Valensiya jamoat kollejiga ish so‘rab, ariza bilan murojaat qildim. Arizamni ko‘rib chiqqunga qadar 5-6 oy muddat «Hilton» mehmonxonasida ishladim, – deydi ta’lim sohasi rivojida jonbozlik ko‘rsatib, butun dunyo talabalariga AQSHda bilim berib kelayotgan, ikki mamlakatda ham ta’lim fidoyisi sifatida e’tirof etilgan taniqli olim, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sobiq o‘qituvchisi Karim Mahmudov.
Bugungi kunda Karim Mahmudov Nyu-Yorkning Bruklin shahridagi Manxetten kompyuter texnologiyalari maktabida ingliz tili o‘qituvchisi. U 35 yil davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi va kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. 2007 yildan buyon Amerika Qo‘shma Shtatlarida faoliyat yuritib kelmoqda.
Har qanday zamonda tilni puxta bilish muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi. Suhbat mobaynida Karim Mahmudov til bilishning ahamiyati haqida fikrini quyidagicha davom ettirdi:
– Amerikaga endi ko‘chib kelganimizda, mehmonxonada bir yigit to‘g‘ri biz tomonga keldi. Rafiqamga: “Ust-boshimga qarang-chi, kiyimlarimda biror kamchilik yo‘qmi, negadir mana bu amerikalik menga tikilib qarayapti”, dedim. Yigit esa “Assalomu alaykum, domla, men sizning shogirdingizman”, desa bo‘ladimi. Bilsam, yaxshi talabalarimdan biri ekan. Hujjatlarda ko‘maklashib, xonasiga taklif qildi. Shu paytda devorda osilgan rasmlariga ko‘zim tushdi. Samarali faoliyati sabab mehmonxona jamoasi orasida “Yilning eng yaxshi ishchisi”, deb e’tirof etilgan ekan. Rasmning ostida shu mehmonxonaning menejeri ekanligi ko‘rsatilgandi. Ingliz tilini o‘rgatganim uchun mendan minnatdorligini ta’kidladi. Zero, muvaffaqiyatlarga erishishida vaqtida tilni puxta o‘rgangani salmoqli rol o‘ynagan ekan.
Karim Mahmudov 2008 yildan buyon muhojirlar qatori mahalliy xalqlarga ham ingliz tilidan dars berib keladi.
– Har qanday ishning o‘ziga yarasha mas’uliyati bo‘lganidek, men uchun turli mamlakatlardan kelib tahsil olayotganlarga qaraganda mahalliy o‘quvchilarga dars berish osonroq. O‘ttiz besh yillik pedagoglik tajribam asosida shuni angladimki, biz o‘zbek guruhlaridagi talabalarga faqat rus tilini, rus guruhlarida esa ingliz tilini o‘rgatgan ekanmiz. O‘shanda universitetda, qolaversa, respublika miqyosida vaziyat shunaqa edi, – deya eslaydi Karim Mahmudov. – Ingliz tilini mukammal o‘rganish kerak. Chunki ingliz tili dunyodagi 90 ga yaqin davlatda asosiy til sifatida o‘qitiladi, dunyo ma’lumotlari ham asosan ingliz tilida yoritib boriladi.
Til o‘rganish ikki tomonga bog‘liq. Talaba bilan o‘qituvchi birga harakat qilsa, til muvaffaqiyatli o‘zlashtiriladi. Maktabimizda oilalilar ham o‘qishadi.
Darhaqiqat zabardast muallim Karim Mahmudov ilmiy pedagoglik faoliyati davomida ko‘plab yangi insonlarni kashf etganini faxr bilan ta’kidladi:
– Menga AQSH hukumatining mutasaddi idoralari mamlakatning 50 ta shtatidagi barcha kollej va universitetlarda dars berish huquqini kafolatlaydigan litsenziya bergan. Bu yerdagi o‘zbekistonlik fuqarolar orasida bilim va hunar sohiblari ko‘p. Ulardan mahalliy xalqlar bilan raqobatda aslo qolishmaydigan rahbar kadrlar ham yetishib chiqmoqda. Demak, til bilgan, o‘qigan, intilgan kishi hech bir davlatda aslo qiynalmaydi, – deya so‘zini yakunladi suhbatdoshimiz.
Feruz HAKIMOV, tadqiqotchi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA muxbiri