Ushbu tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev, “Asaka Motors” kompaniyasi bosh direktori Avaz Jalilov va Xitoydagi “EXEED” kompaniyasining Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha mintaqaviy direktori Jeff Lyu ikki davlat o‘rtasidagi manfaatli hamkorlik o‘zaro iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishi va bu kabi korxonalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilning may oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi chog‘ida ramziy tugmani bosib, Sirdaryo tumanidagi yangi avtomobil zavodini ishga tushirdi.
“Asaka Motors” kompaniyasi bosh direktori Avaz Jalilovning so‘ziga ko‘ra, mazkur kompaniya 2021 yilda zamonaviy texnologiyalar asosida yangi avtomobil ishlab chiqarish va O‘zbekiston bozoriga olib kirish maqsadida tashkil etilgan.
– E’tiboringizga “Asaka Motors” konveyeridan chiqqan ilk “EXEED” avtomobillarini taqdim etdik. Avtomobillar yirik uzelli yig‘uv texnologiyasi bo‘yicha Sirdaryodagi zavodda ishlab chiqarilgan. Zavodni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida ishga tushirib bergan edi. Aytish joizki, biz o‘z missiyamizga asosan mahalliy avtosanoatni yanada rivojlantirish va fuqarolarga sifatli avtomobillar taqdim etishga intilamiz. Sirdaryoda “EXEED” zavodining ochilishi avtomobillarning yangi modelini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, hamyurtlarimizni ish yangi o‘rinlari bilan ta’minlashga olib keladi. “EXEED” – bu innovatsion texnologiyalar, xavfsizlik va qulaylikni o‘zida ifoda etadi. O‘zbekistonda “EXEED” brendining rejalari uzoq muddatli bo‘lib, birinchi yili 20 ming, keyingi yillarda 150 mingta avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat, – dedi A.Jalilov.
Shuningdek, Xitoydagi “EXEED” kompaniyasining Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha mintaqaviy direktori Jeff Lyu tadbir ishtirokchilarini O‘zbekistonda “EXEED” zavodining rasman ochilgani bilan samimiy qutladi.
– Shu o‘rinda, hamkorimiz – “Asaka Motors” kompaniyasiga samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman. “EXEED” so‘nggi innovatsiyalar va badiiy jozibalarini birlashtiradi. Keyingi yillarda “EXEED” brendi global miqyosda o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, bozor tartibi ham tez rivojlanmoqda. Hozirda Rossiya va Qozog‘iston kabi ko‘plab mamlakatlarda to‘liq marketing va xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi. “EXEED” aqlli texnologiyalarni o‘z ichiga oladi. Bu, o‘z navbatida, iste’molchilarning ehtiyojini qondiradi. Jamoamiz mahsulotlarini O‘zbekiston iste’molchilarining odatiga ko‘ra, takomillashtirdi. “EXEED” zavodi ishga tushirilgandan buyon ketma-ketlik bilan Rossiya, Qozog‘istonga kirib keldi va Janubiy Amerika, Yaqin Sharq hamda Yevropa kabi boshqa mintaqalarda mashhur bo‘ldi. Bizning maqsadimiz butun dunyo bo‘ylab iste’molchilarga butunlay boshqacha avtomobil boshqarish tajribasini taqdim etishdir, – dedi Jeff Lyu.
Shundan so‘ng mamlakatimizda “EXEED” markali premial avtomobillarining rasman sotuviga start berildi. Mahalliy va xorijlik san’atkorlar taqdim etgan konsert dasturi tadbirga yanada fayz kiritdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA