Festival g‘oliblari aniqlandi

Festival g‘oliblari aniqlandi

Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bog‘ida festival yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi. Festival yakuniga ko‘ra, folklor cholg‘u ijrochiligi nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin Qozog‘iston Respublikasining “Sayalы Sarыag‘ash” folklor-etnografik jamoasiga nasib etdi. Toshkent shahar “Nodirabegim” folklor-etnografik jamoasi 2-o‘rinni, Qirg‘iziston Respublikasi Qadamjoy tumani madaniyat uyi folklor ansambli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Folklor qo‘shiq ijrochiligi nominatsiyasi bo‘yicha Farg‘ona viloyati vakillari g‘olib bo‘lib, Marg‘ilon shahar “Chodir-jamol” folklor-etnografik xalq jamoasi 1-o‘rin bilan taqdirlandi. Jizzax viloyati Zarbdor tumani “Oypari” folklor-etnografik xalq jamoasi 2-o‘ringa munosib ko‘rilgan bo‘lsa, Tojikiston Respublikasi “Bibiho” folklor-etnografik ansambli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Folklor raqs ijrochiligi nominatsiyasi bo‘yicha Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani “Jo‘ralar” folklor-etnografik xalq jamoasi esa 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxoro tumani “Mavji Buxoro” folklor-etnografik xalq jamoasi 2-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani “Apsana” folklor-etnografik jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

G‘oliblarga pul mukofotlari, festival statuetkalari hamda diplomlar topshirildi.

El sevgan xonandalar, taniqli ashula va raqs ansambllari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinkilik ulashdi.

M.Sulaymonov, O‘zA

Related articles