O‘zbekiston biznes delegatsiyasi Irkutsk viloyatiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston biznes delegatsiyasi Irkutsk viloyatiga tashrif buyurdi

Tadbir Irkutsk viloyati Iqtisodiy rivojlanish va sanoat vazirligi moliyaviy ko‘magida Sharqiy Sibir Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Xalqaro kooperatsiya va eksport” loyihasi doirasida tashkil etildi. Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad Irkutskdan qurilish materiallari yetkazib beruvchi hamkorlar topishdan iborat.

– O‘zbekiston muhim hamkorlarimizdan biri, – deydi Irkutsk viloyati iqtisodiy rivojlanish va sanoat vaziri o‘rinbosari Marina Petrova. – 2022-yil va joriy yil birinchi chorakda viloyatimizdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan eksport hajmi ikki yarim barobar oshdi. O‘tgan yil faol hamkorlikni boshlab, ikki marta biznes uchrashuvi tashkil etdik. Kelgusida logistika xarajatini muvofiqlashtirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish uchun yanada yaqin aloqa o‘rnatish va bu yo‘ldi eng qulay yechimlar topish zarur.

Muzokarada qurilish materiallari sohasida hamkorlar topish maqsadida qurilish materiallari ulgurji savdosiga ixtisoslashgan “VIP-IN-CON” MCHJ, yoqilg‘i-energetika va kimyo sohasida faoliyat olib boruvchi, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini kompleks loyihalovchi xorijiy investitsiya asosidagi korxona “UzLITI Engineering” MCHJ hamda O‘zbekistonga qurilish materiallari va uskunalarini ulgurji yetkazib beruvchi, Markaziy Osiyoga logistika xizmatlari ko‘rsatuvchini “Alex-Yasin Ecology” MCHJ vakillari ishtirok etdi.

Tarkibida neft bo‘lgan tuproq va chiqindini utilizatsiya qilish xizmati, qurilish va qishloq xo‘jaligi uchun elektr uskunalari va avtotirkamalar ishlab chiqarish, tog‘-kon uskunalari yetkazib berish, qurilish-montaj va ishga tushirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya vakillari O‘zbekistonga ushbu mahsulot va xizmatlarni eksport qilishga qiziqish bildirdi.

Muloqot birjasi doirasida Irkutsk viloyatining “INTOP PRO” kompaniyasi bosh direktori Konstantin Sadovskiy va yurtimizdagi “VIP-IN-CON” MCHJ rahbari Nikita Tarasenko o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi. “INTOP PRO” kompaniyasi sanoat beton poli, polimer qomplama, gidroizolyatsiya uchun materiallar yetkazib berish, “VIP-IN-CON” MCHJ esa turli qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanadi.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Irkutsk kulolchilik zavodi va “Palp-Nord” kompaniyalar guruhi ishlab chiqarish maydonchasida ham bo‘ldilar.

Bu O‘zbekiston va Irkutsk viloyati kompaniyalari vakillarining ilk uchrashuvi emas. O‘tgan yil iyunda Irkutsk viloyati ishbilarmonlari mamlakatimizga tashrif buyurishdi, yurtimiz tadbirkorlari ham oktyabr oyida Irkutsk viloyatida bo‘ldi. Tez orada Irkutsk glyukometr uchun sinov tayoqchasi ishlab chiqaruvchi korxona O‘zbekiston bozoriga kirib keladi.

Sharqiy Sibir Savdo-sanoat palatasi

matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

O‘zA