Xalqaro ko‘rgazma: “Jahon qo‘lyozma fondlarida Samarqand tarixi”…

Xalqaro ko‘rgazma: “Jahon qo‘lyozma fondlarida Samarqand tarixi”…

Avstriya fanlar akademiyasining Eronshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Florian Shvars bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmada AQSH, Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Daniya, Irlandiya kabi 6 xorijiy davlatlarda saqlanayotgan 15 qo‘lyozma asardan fotonusxalar taqdim qilindi.

Noyob manbalarning barchasi bevosita Samarqand ilmiy-ma’naviy muhitida yaratilgan yoki u bilan chambarchas bog‘liq. Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyidan 2, Baltimordagi Valter san’at muzeyidan 1, Kopengagendagi David kolleksiyasidan 1, Parijdagi Fransiya milliy kutubxonasidan 2, Sharq tillari maktabi kutubxonasidan 1, Berlin milliy kutubxonasidan 2, Dublindagi Chester Bitti kutubxonasidan 1, Leyden universitetidan 1, Prinston universitetidan 2, Leypsig universitetidan 1, Pensilvaniya universitetidan 1 qo‘lyozma ko‘rgazmaga jalb qilingan.

Ularning eng qadimgisi 1083 yil 6 fevralda, eng yangisi esa 1806 yilda Samarqandda ko‘chirilgan. 15 qo‘lyozmaning har biri alohida dissertatsion mavzuga asos bo‘ladigan noyob manbalardan hisoblanadi.

Fanlar kesimida olganda Qur’on, fiqh, islom falsafasi, tibbiyot, farmakologiya, botanika, zoologiya, astronomiya, adabiyot, tarix ilmlari va xattotlik san’ati yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Ushbu qo‘lyozmalar turli davrlardagi Samarqand ilmiy-ma’naviy muhitini, undagi akademik mobillikni, o‘sha davrda faoliyat ko‘rsatgan olimlar ilmiy merosini, shahar toponimikasi va tarixiy geografiyasini o‘rganishda muhim manbadir.

O‘zA