Tadbirning maqsadi Yevroоsiyo mamlakatlarida yerdan barqaror foydalanish va resurslarni boshqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha EASP faoliyatini qayta tiklash, shuningdek, mintaqadagi tegishli ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash hisoblanadi.
Yig‘ilish davomida Yevroosiyodagi 12 ta mamlakat vakillari imkoniyat va istiqbollarni, shuningdek, mintaqada tuproq resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni muhokama qildi.
Bundan tashqari, yalpi majlis ishtirokchilari aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va bilim almashish chora-tadbirlari to‘g‘risida kelishib oldilar. Yevroosiyo tuproq hamkorligi majburiyatlari o‘z ichiga olgan Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.
Yalpi majlisda Submintaqaviy Yevroosiyo tuproq hamkorligining yangi ish rejasi ko‘rib chiqilib, kelishuvga erishildi, yangi rais va rais o‘rinbosari ham saylandi. Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Yer resurslarini boshqarish qo‘mitasi raisi va mamlakatning Global tuproq sherikligi bo‘yicha koordinatori Murat Temirjanov yangi rais etib saylandi. Belarus Davlat universiteti Tuproqshunoslik va geoinformatsiya tizimlari kafedrasi mudiri va Global tuproq hamkorligi Milliy koordinatori Aleksandr Chervan esa rais o‘rinbosari bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida Yevroosiyo tuproq hamkorligi koordinatori Nataliya Rodriges Euxenio shunday dedi: “Men barcha mas’ul xodimlarga Submintaqaviy Yevroosiyo tuproq sherikligining oltinchi yalpi majlisida faol ishtirok etgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu juda samarali uchrashuv bo‘ldi va men boshqaruv vakillari yangilanganidan xursandman.
U, shuningdek, yangi ish rejasini muvaffaqiyatli amalga oshirish va mintaqadagi oziq-ovqat xavfsizligi va tuproq salomatligiga tahdid soladigan asosiy ekologik muammolarni hal qilish uchun birgalikda harakat qilish va har qachongidan ham ko‘proq birlashish kerakligini ta’kidladi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA