Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi o‘tkazildi

Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi o‘tkazildi

Ishtirokchilar – hukumat vakillari, madaniyat, san’at xodimlari, ziyolilar, talaba va yoshlar dastlab Markaz hovlisidagi Haydar Aliyev byusti hamda shahidlar yodgorlik majmuasiga gul qo‘yishdi. Shundan so‘ng mehmonlar H.Aliyevga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdi.

Markaz direktori Samir Abbosov xalqning buyuk o‘g‘loni, mustaqil davlat hamda milliy mafkura asoschisi, Umummilliy yetakchi Haydar Aliyevning xizmatlariga to‘xtalib, u Ozarbayjon davlatchiligi tarixiga ulkan hissa qo‘shgani, bu beqiyos xizmatlar nafaqat Ozarbayjonda, balki butun dunyoda e’tirof etilishini ta’kidladi.

S.Abbosov Haydar Aliyevning shaxsiyati, uning Turkiy dunyo haqidagi qarashlari, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdagi xizmati haqida so‘zladi. Shuningdek, uning nomi berilgan Ozarbayjon Madaniyat markazi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqani rivojlantirish yo‘lida faol ekanini e’tirof etdi.

Diaspora bilan ishlash Davlat qo‘mitasi raisi Fuad Murodov H.Aliyevning ijtimoiy-siyosiy faoliyati, davlatchilik tarixidagi o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, Yetakchi xorijda yashovchi ozarbayjonlarga alohida e’tibor qaratgani, Diaspora ham Umummilliy lider davrida shakllangani, tuzilma faoliyati davlat darajasida yo‘lga qo‘yilishida uning xizmati beqiyos ekaniga urg‘u berdi.

F.Murodov qardosh O‘zbekistonda ko‘plab ozarbayjonlar istiqomat qilishi, ular mamlakat ijtimoiy-madaniy hayotida doimo faol ekanini ta’kidladi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov Umummilliy yetakchi Haydar Aliyev ijtimoiy-siyosiy faoliyatida turli davrlarda qardosh respublikalar o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Haydar Aliyevning 100 yilligi O‘zbekistonda ham keng nishonlanayotganini qayd etdi.

Shundan so‘ng Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash Davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan tayyorlangan Haydar Aliyev to‘g‘risidagi hujjatli film namoyish etildi.

Tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan “Do‘stlik” nomli konsert dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Feruza Abdurahimova badiiy rahbarligidagi “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestri tomonidan ozarbayjon bastakorlarining ona yurt madh etilgan, Haydar Aliyevga bag‘ishlangan asarlari hamda xalq qo‘shiqlari ijro etildi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA