"Kim Singapur rivoji uchun men bilan sherik bo‘lsa, uning Alloh yo‘lidagi singlisiman!"

"Kim Singapur rivoji uchun men bilan sherik bo‘lsa, uning Alloh yo‘lidagi singlisiman!"

Bugungi kunda dunyoga mashhur davlat, siyosat arboblari orasida xotin-qizlar talay. Singapur Prezidenti Halima Yaqub ham yuqoridagi ta’rifga munosib muslima ayol.

Xabar berilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub bugun davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Dunyo tarixida va bugungi hayotimizda ayol Prezidentlar ko‘p emas. Shu bois ular haqidagi ma’lumotlar doim qiziqarli.

Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari Halima Yaqubning otasi hind, onasi malay bo‘lgan. Afsuski, Halima 8 yoshida otasidan ayrilgan. Oila boshlig‘i vafotidan so‘ng beva ayol besh farzandni yolg‘iz tarbiyalagan. Halima bolaligini esga olar ekan, 10 yoshidan boshlab onasiga non topishda ko‘maklashganini xotirlaydi.

Halima Yaqub avval qizlar maktabida o‘qidi, 1978 yil Singapur Milliy universitetida huquqshunoslik bakalavri, 2001 yil shu yerda huquq yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini ham qo‘lga kiritadi. 2016 yil 7 iyulda universitet unga “Faxriy yuridik fanlar doktori” unvonini berdi. Singapurdagi malaylar ijtimoiy hayotda erishgan yutuqlari uchun Xalima Yaqub 2001 yil “Yil muvaffaqqiyati”, 2003 yil “Yil ayoli” unvonlariga loyiq topilgan.

Siyosatga kirishdan oldin Halima Kasaba uyushmalari milliy kongressida ishladi. 2001 yil siyosiy faoliyatini boshlab, parlamentga saylandi va ilk malay ayol sifatida deputatlik mandatiga ega chiqdi. 2011 yil o‘tkazilgan saylovdan so‘ng ijtimoiy rivojlanish, yoshlar va sport vaziri, keyinchalik ijtimoiy siyosat va oila vaziri lavozimlariga tayinlandi.

Halima xonim 2013-2017 yillar parlament spikeri bo‘lib ishladi. U mamlakat tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol. Yaqub o‘z kompaniyasini «Yaxshilik qiling, birga ishlang» shiori ostida oldinga boshladi. Uning g‘alabasi saylovdan oldin e’lon qilindi, chunki saylov komissiyasi ushbu lavozim uchun boshqa nomzodga ruxsat bermagan.

Halima Yaqub saylovdagi g‘alabasidan keyingi nutqida, jumladan, “Singapurliklar prezidenti sifatida sizlarni ishontiramanki, irqi, tili, dinidan qat’i nazar, har biringizga xizmat qilaman”, degandi. Atrofidagi hukumat mansabdorlariga esa shunday deydi: “Allohdan qo‘rqaman. Kim Singapur xalqi manfaati uchun men bilan sherik bo‘lib ishlamoqchi ekan, uning Alloh yo‘lidagi singlisiman. Tashvishim — Singapur xalqi turmush darajasini ko‘tarish. Meni boshqa narsa qiziqtirmaydi».

Halima Yaqub besh farzandning onasi. Yamanlik Muhammad Abdulla ismli insonga turmushga chiqqan. Halima – huquqshunos, Muhammad esa – fizik. Ular universitetda tanishishgan va o‘qishni tugatib, ikki yil o‘tgach, turmush qurishgan. Muhammad Abdulla ayoliga ham ruhan, ham uy ishida, ham farzand tarbiyasida yordam beradi. Yaqkb turmush o‘rtog‘ini o‘z maqsadlari katalizatori sifatida ko‘radi.

Halima xonim har kun ayol yordamchilari bilan poytaxtdagi masjidda ayollar uchun ajratilgan bo‘limda bomdod namozini o‘qiydi.

Halima Yaqub olib borgan siyosat, islohot samarasi o‘laroq, hozir mamlakatda ishsizlik, atigi, 1 foizni tashkil qiladi. O‘n mingga yaqin yirik korxonada odamlar ish bilan band. Singapurda ishlab chiqarish korxonalari soliqdan ozod qilingan.

O‘tgan asrning 70 yillariga qadar eng qashshoq hududlardan sanalgan ushbu davlat qisqa fursatda dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shildi. Bunda, ayniqsa, mohir va donishmand yetakchi, atoqli davlat va siyosat arbobi Li Kuan Yuning xizmati beqiyos. Aynan uning keng qamrovli islohoti tufayli Singapur taraqqiyotning yuksak cho‘qqisiga erishdi.

Singapur yuksak darajada taraqqiy topgan davlat sifatida o‘zida ulkan iqtisodiy, moliyaviy va inson kapitalini mujassam etgan. Aholisi salkam 6 million kishini tashkil qiladigan davlatda yalpi ichki mahsulot qiymati 379 milliard dollarga teng, yillik daromad esa har bir fuqaroga 65 ming dollardan tushadi. Pasporti jahondagi eng kuchli pasportlardan. Aholining eng ko‘p qismi (74 %) etnik guruh a’zolari – Xitoyliklar. Keyin malaylar (13%) va hindular (9%). Musulmonlar mamlakat aholisining 14 foizini tashkil qiladi.

Singapur elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiya, bank sohasi, logistika va transport mashinasozligi kabi muhim tarmoqlar jadal rivojlangan, yirik iqtisodiyotga ega davlat.

O‘zbekiston – Singapur munosabatin shartnomaviy-huquqiy bazasi 14 hujjatdan iborat. Shulardan 6 tasi davlatlar aro va hukumatlar aro, 6 tasi idoralar aro va 2 tasi tarmoqlar aro hujjatlar.

Quvonarlisi, ikki mamlakat o‘rtasida savdo ayirboshlash sur’ati doimiy ravishda o‘sib, 2017 yildagi 92,6 million dollardan 2022 yil 143 million dollar (eksport – $ 105 million, import – $ 38 million)ga yetdi. Davlatlarimiz o‘rtasida fan, ta’lim sohalarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Singapur rahbarining mamlakatimizga bu galgi tashrifi davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatni har tomonlama yuksak darajaga olib chiqish, ikki tomonlama aloqani har jihatdan rivojlantirishga zamin yaratadi.

Go‘zal Sattorova tayyorladi.

O‘zA