Bugungi kunda ushbu azaliy va yaqin rishtalar ikki davlat o‘rtasida ishonch, yuksak hurmatga asoslangan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
Joriy yil 22-26 may kunlari mamlakatimizda Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil topganining 20 yilligi nishonlanmoqda.
Bayram tadbirlarida ishtirok etish maqsadida Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi Fuad Muradov rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Yubiley dasturining ikkinchi kuni doirasida poytaxtimizdagi Xalqlar do‘stligi maydonida Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millat vakillari – 15 nafar yetim bolaga boshpana bergan Mahmudovlar oilasi xotira yodgorligi – xalqimizga xos do‘stlik, oliyjanoblik va bag‘rikenglik timsoli poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mutasaddi xodimlari, Ozarbayjon delegatsiyasi a’zolari, Milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari, shahar ahli va yoshlar ishtirok etdi.
– Hozir mamlakatimizda 40 ming nafardan ziyod ozarbayjon istiqomat qilib, turli sohalarda faoliyat yuritmoqda, – dedi Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi rahbari Mobil Mamedov. – O‘zbek va ozar xalqlari ahil-inoq, hamjihat hayot kechirib, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda. Yurtimizdagi birinchi Ozarbayjon milliy madaniy markazi – “Gardashlik” 1989 yil Toshkentda tashkil etilgan. Keyinchalik, Samarqand va Buxoroda ham markazlar, 2003 yilda esa Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi tuzildi. Bugungi rang-barang tadbirlarga boy bayram dasturi davomida qardosh xalqlarning milliy o‘ziga xosligi, tarixi va kelajagi haqida ma’lumot berildi. Ikki qardosh xalq vakillari o‘zaro fikr almashib, dildan suhbat qurishyapti.
Shu kuni Respublika Ozarbayjon milliy madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlab Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi rivojlanishi tarixi, yangi davri va istiqboli” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman millatlar aro munosabatni amalga oshirish, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining tarixi, yangi davri va istiqbolini muhokama etish, munosabatni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, millatlar o‘rtasidagi totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Ozarbayjon do‘stligi tobora mustahkamlanayotgani, mamlakatmizda yashovchi ozarbayjon millati vakillari Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotganini e’tirof etishdi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy qarashlari, xalqlarning milliy madaniyati va qadriyatlaridagi o‘xshash jihatlarga e’tibor qaratildi.
Konferensiyada “O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqining o‘zaro aloqalari tarixi”, “O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqi madaniyati va san’atining o‘zaro ta’siri”, “Ozarbayjonchadan o‘zbekchaga tarjima qilingan asarlar va ularning ahamiyati”, “Mustaqillik davri o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarining rivojlanish tendensiyalari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirning munozara qismida ishtirokchilar tomonidan amaliy taklif, mulohazalar bildirildi.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA