O‘zA Bosh direktori Xitoy va Markaziy Osiyo axborot agentliklari forumida

O‘zA Bosh direktori Xitoy va Markaziy Osiyo axborot agentliklari forumida

Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan XXRning yetakchi axborot agentligi – «Sinxua» tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda mintaqa axborot agentliklari hamkorligi masalasi kun tartibidagi bosh mavzuga aylangan.

Forumda A.Ko‘chimov nutq so‘zladi. O‘zA Bosh direktori o‘z ma’ruzasini bugungi kunda yer yuzi bo‘ylab turli tillarda yangrayotgan, dunyo hamjamiyatining alohida e’tiborini tortayotgan quyidagi so‘zlar bilan boshladi:

“Dunyoga barqaror Markaziy Osiyo kerak!”

“Dunyoga farovon Markaziy Osiyo kerak!”

“Dunyoga mo‘’tadil Markaziy Osiyo kerak!”

“Markaziy Osiyo mamlakatlarining suvereniteti, xavfsizligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi ta’minlanishi, ushbu xalqlar o‘zlari mustaqil tanlagan taraqqiyot yo‘li hurmat qilinishi, ularning tinchlikka, yaxshi qo‘shnichilikka va osoyishtalikka intilishi qo‘llab-quvvatlanishi shart!”

A.Ko‘chimov XXR Raisi Si Szinpinning «Xitoy – Markaziy Osiyo sammitidagi nutqidan olingan bu chaqiriqni dunyo jamoatchiligi, ayniqsa mintaqamiz media maydoni iliq kutib olgani, o‘ta dolzarb, chuqur o‘ylangan, juda muhim va o‘z vaqtida aytilgan, butun Yevrosiyo miqyosida Global loyiha darajasida baholanayotgan bu chiqishda aynan Markaziy Osiyo xalqlari jahon hamjamiyatidan kutgan va kutayotgan fikrlar namoyon bo‘lganini ta’kidladi.

Mamlakatimiz yetakchisining Sammitdagi nutqiga alohida to‘xtalarkan, O‘zA Bosh direktori “O‘zbekiston Sian deklaratsiyasining asosiy qoidalarini qo‘llab-quvvatlashi, anjumanda ilgari surilgan tashabbus va takliflar, albatta, o‘z amaliy ifodasini topishi”ga ishonch bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatlarimiz yetakchi “aql markazlari”, tahliliy institutlari, olim va mutaxassislari hamkorligini yanada mustahkamlash, strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global darajada ilg‘or loyihalar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratish zarurligi haqidagi fikrlariga ham urg‘u berdi.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston kelgusi yil Samarqandda mamlakatlarimiz milliy taraqqiyot strategiyalaridagi uyg‘un masalalar bo‘yicha Xalqaro ekspertlar konferensiyasini o‘tkazish orqali o‘ziga xos munozara maydoni yaratishga tayyorligini e’lon qilgani o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdusaid Ko‘chimov ma’ruzasi yakunida Xitoy – Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirishda OAV muhim o‘rin egallashini qayd etdi. Zero, Sian sammitida qabul qilingan qarorlarni hayotga tatbiq etish jarayonida aynan hamkasblarimiz zimmasiga ham juda muhim vazifalar yuklanadi.

– Eng muhimi, biz bu mas’uliyatni his etib turibmiz, – deya yakunladi ma’ruzasini A.Ko‘chimov. – Men O‘zbekiston Milliy axborot agentligining ijodiy va texnik xodimlari nomidan O‘zA jamoasi mazkur nufuzli anjumanda ko‘tarilgan masalalar, qabul qilingan tom ma’nodagi tarixiy qarorlarni hayotga joriy etishga munosib hissa qo‘shadi, deb ishontiraman.

G‘ayrat Xonnazarov, O‘zA