O‘zbekiston –Xitoy hamkorligida yangi sahifa ochildi

O‘zbekiston –Xitoy hamkorligida yangi sahifa ochildi

Mehmonlarning viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvida mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar keng muhokama qilindi. Dastlab Buxoro viloyatining investitsiya imkoniyatlari, eksport va turizm salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, videorolik namoyish etildi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov mehmonlarga viloyatda olib borilayotgan tub islohotlar haqida ma’lumot berdi. Xitoy bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi. Bunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus olgani, ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari barcha darajadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaganini alohida ta’kidladi.
Xususan, Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqandda o‘tkazilgan sammiti doirasida Buxoro viloyati va Yunnan provinsiyasi, shuningdek, Buxoro va Kunmin shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida imzolangan bitim o‘zbek-xitoy do‘stligida yangi sahifa ochib, strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga asos bo‘lgani e’tirof etildi.

O‘z navbatida, gubernator o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, aloqalarni mustahkamlash, barcha sohada jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini yanada kengaytirish xususida fikr bildirgan mehmonlar delegatsiyaning viloyatga tashrifi yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqotda Yunnan provinsiyasi va Buxoro viloyati o‘rtasida har tomonlama munosabatlarni tubdan yaxshilash va foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solishga alohida urg‘u berildi. Xususan, quyosh, shamol, gidroelektr stansiyalarini qurish va o‘rnatish, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, turizm bo‘yicha ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlash yuzasidan muzokara o‘tkazildi. Chjan Chjili tarixiy obidalarga boy hisoblangan Buxoro shahri turizm infratuzilmasini rivojlantirish, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikda jiddiy yondashish istagini bildirdi.
Uchrashuv yakunida ushbu loyihalarning amaliy ijrosi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Ma’lumot uchun, Xitoy Xalq Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan 5 ta davlatlardan biri hisoblanadi. Masalan, 2022 yilda Buxoro viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 150,3 million dollarni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 123 foizga o‘sgan. Shu jumladan, eksport hajmi 13,1 million dollar va import hajmi 137,2 million dollarga yetgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida esa Xitoy Xalq Respublikasi bilan o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 57,9 million dollarni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 105 foizga o‘sgan. Shu jumladan, eksport hajmi 4,3 million dollar va import hajmi 53,6 million dollarga yetgan.
Xitoy hukumati tomonidan O‘zbekistonga guruhli sayohatlarni qayta tiklanishi hisobiga Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2022 yilda 1446 nafarni tashkil etgan bo‘lib, 2021 yilga nisbatan 116 foizga o‘sgan. Joriy yilning o‘tgan davrida 2 ming 350 nafar xitoylik Buxoroda bo‘lgan. O‘z navbatida xitoyliklarning Buxoroga sayohati iqtisodiyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA