Samarqand anjumanining ikkinchi ish kuni boshlandi

Samarqand anjumanining ikkinchi ish kuni boshlandi

Muhtasham “Ballroom” zalida tashkil etilgan mazkur investitsion sessiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov ochib berdi.

“O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqboli” nomli yig‘ilishda YeTTBning eng nufuzli mavsumiy anjumanida ishtirok etish uchun ko‘hna kentimizga tashrif buyurgan barcha nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari hozir bo‘lishdi.

2022 yil davomida YeTTB O‘zbekistondagi 900 loyihaga, qariyb, 26 million dollar miqdorida sarmoya kiritdi. Natijada respublikamiz ketma-ket uchinchi yil tuzilmaning Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi manziliga aylandi. Tan olish kerak, bu mamlakatimizning o‘sib borayotgan investitsiyaviy jozibadorligi, yurtimizda yaratilgan qulay me’yoriy-huquqiy muhitning e’tirofidir. Bank ayni payt bir qator yirik, jumladan, mintaqadagi qayta tiklanadigan energetika sohasiga yo‘naltirilgan eng yirik loyihalarni moliyalashtirmoqda. O‘tgan yil oxirida YeTTB ko‘magida O‘zbekistonda o‘tkazilgan Xorijiy investorlar Kengashining birinchi yalpi majlisi xorijiy investorlar va islohotlarni ilgari surayotgan rasmiylar o‘rtasidagi muloqot uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Shu ma’noda navbatdagi forum doirasida uyushtirilgan "O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqboli" sessiyasi ham xalqaro ishbilarmon doiralar bilan investitsiya o‘sishi istiqboli va imkoniyati to‘g‘risida axborot, fikr almashish uchun zamin yaratadi.

35,6 million aholiga ega, Markaziy Osiyoning qoq markazida, Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgan O‘zbekiston jadal rivojlanayotgan bozor sifatida mintaqada o‘ta muhim strategik ahamiyat kasb etishini bugun butun dunyo tan olmoqda. Siyosiy va makroiqtisodiy barqarorlik namoyon etayotgan mamlakatimiz tabiiy gaz, oltin, uran, kumush, mis kabi moddalarning boy zaxirasi, shuningdek, azaliy an’analari, yirik ishlab chiqarish uchun ulkan salohiyati, yosh, malakali ishchi kuchi tufayli mintaqaga sarmoya kiritish uchun muhim o‘lkaga aylanmoqda.

Anjuman tafsilotini O‘zA bilan birga kuzatib boring.

G‘.Xonnazarov,

A.Mamadaminov (surat),

O‘zA